Pokiston va Afg‘oniston chegarachilari “Turxam” nazorat-o‘tkazish punktida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Bu haqda, Pokistonning Nation nashri ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Avvalroq ikki davlatning jangovar to‘qnashuvlari 13-iyun, dushanbaga o‘tar kechasi, pokistonlik harbiylar Afg‘oniston hududida darvoza o‘rnatmoqchi bo‘lganidan so‘ng boshlanganligi haqida ma’lum qilingan edi. Oxirgi to‘qnashuv 15-iyun, chorshanbaga o‘tar kechasi yuz bergan edi.
Xavfsizlik xizmatlarining ma’lum qilishicha, tomonlar 15-iyun, chorshanba kuni kechqurun yarashishga kelishgan. Har ikkala tomonning chegara xizmati vakillari qisqa uchrashuv o‘tkazib, shundan keyin chegaraning har ikkala tomonida oq bayroq ko‘tarilgan. O‘t ochish to‘xtatilishi bilan chegarachilar darvoza qurish ishlarini qaytadan boshladi.
O‘z navbatida, Afg‘onistonning Islomoboddagi elchisi Umar Zaxival kelishuv uning Pokiston hukumati bilan aloqalari natijasi bo‘lganligini ma’lum qildi.
Mojaroning to‘rt kuni davomida ikki mamlakatning chegarasida uch kishi — ikki nafar afg‘on chegarachisi va bir nafar pokistonlik chegarachi halok bo‘ldi. Jabrlanganlarning soni yigirmadan oshdi.
Izoh (0)