O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan Osiyo suzish federatsiyasi (AASF) Bosh direktori Taxa Al-Kishri kecha, 18-may kuni O‘zbekiston suzish federatsiyasi rahbari, senator Quvondiq Sanakulov hamrohligida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.
Osiyo suzish federatsiyasi Bosh direktori dastavval qo‘mita muzeyida bo‘lib, bu yerda o‘rnatilgan turli eksponatlar, kubok hamda medallarni ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng, Taxa Al-Kishri O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida bo‘lib, markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif chog‘ida O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda O‘zbekiston suzish federatsiyasi rahbariyati Osiyo suzish federatsiyasi Bosh direktori bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif so‘nggida Osiyo suzish federatsiyasining delegatsiyasiga O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston suzish federatsiyasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Osiyo suzish federatsiyasi Bosh direktori Taxa Al-Kishri boshchiligidagi delegatsiya Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan suzish havzalarida bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. 19–20-may kunlari esa Osiyo suzish federatsiyasining delegatsiyasi Samarqand shahrida bo‘lib, u yerda barpo etilgan suv sporti inshootlarini ko‘zdan kechiradi.
Izoh (0)