BAAning Abu-Dabi shahrida shaxmat bo‘yicha “Osiyo Millatlar Kubogi–2016” musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Kecha, 5-aprel kuni turnirning so‘nggi, 9-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Ushbu musobaqada sakkizinchi raqam ostida tasniflangan O‘zbekiston ayollar terma jamoasi so‘nggi turda Shri-Lanka shaxmatchilaridan 3:1 hisobida ustun keldi. Nafisa Mo‘minova va Sevara Boymurodova raqibalari bilan durang natija qayd etdi. Sarvinoz Qurbonboyeva va Irina Gevorgyan esa raqibalarini mag‘lub etib, O‘zbekiston terma jamoasiga muhim g‘alabani taqdim etdi.
Yakunda o‘zbekistonlik shaxmatchi qizlar ikkinchi o‘rinni egalladi. Xitoy terma jamoasi musobaqa g‘olibiga aylangan bo‘lsa, kuchli uchlikdan qozog‘istonlik shaxmatchilar joy oldi.
Qayd etish kerakki, musobaqaning 6-turida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi xitoylik shaxmatchilarni shov-shuvli tarzda mag‘lubiyatga uchratgan edi.
“Olamsport”ning ma’lum qilishicha, mazkur musobaqada O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ham ishtirok etdi. Marat Jumayev boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi turnirda sakkizinchi raqam ostida harakat qilib, yakunda 22 davlat terma jamoalari orasida beshinchi o‘rinni egalladi. So‘nggi turda o‘zbekistonlik shaxmatchilar iordaniyalik shaxmatchilarni 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Iordaniyaga qarshi kechgan uchrashuvda Marat Jumayev, Aleksey Barsov, Akmal Fayzullayev va Nikita Xoroshev raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi.
Erkaklar o‘rtasida musobaqa g‘olibligi Hindiston terma jamoasiga nasib qildi. Kuchli uchlikdan Xitoy va Qozog‘iston terma jamoalari joy oldi.
Izoh (0)