“Ostankino” telemarkazida tikanli sim paydo bo‘lganligiga izoh berildi
“Ostankino” telemarkazining rahbariyati xavfsizlik nuqtai nazaridan binoni tikanli sim bilan o‘rab olishga qaror qildi. Bu haqda telemarkaz matbuot kotibi Denis Nazarov bergan ma’lumotlarga asosan “Interfaks” xabar qilmoqda.
“Biz strategik obyekt doirasida turamiz va tashkilotimiz alohida mavqega ega. Qiyin vaziyatlarda qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rib qo‘yish ― keng tarqalgan holat. Bu kabi chora muammoni butunlay bartaraf etmaydi, chunki bu maxsus xizmat vakillarining ishi, lekin ‘ahmoqdan saqlash’ kabi vazifani bajara oladi”, ― dedi Nazarov.
Nazarovning ta’kidlashicha, dunyodagi tarang vaziyatdan kelib chiqib shu mazmundagi qarorning qabul qilinishi tabiiydir. Bundan tashqari, 5-dekabrda telemarkazga portlash tahdidi haqidagi xabar kelib tushgan.
Himoya tizimini o‘rnatish ishlari yaqin bir necha kun ichida tugatiladi.