Futbol bo‘yicha 2018-yilgi jahon chempionati saralash bahslari doirasida 17-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Yaman va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin boshlanishi arafasida Parijda yuz bergan terakt qurbonlari xotirasi uchun bir daqiqa sukut saqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi vakili Sherzod Egamberdiyev Facebook’dagi sahifasida xabar qoldirdi.
Fransiya poytaxtida 13-noyabr kuni oqshomda yuz bergan teraktlar ketma-ketligi oqibatida 129 kishi halok bo‘lgan, 352 kishi tan jarohati olgan. Teraktlar yuz berayotgan vaqtda Parijda Fransiya va Germaniya o‘rtasida futbol uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgan edi.
Qayd etish joiz, terakt xavfi sabab 17-noyabr kuni Yevropada bir qator futbol uchrashuvlari bekor qilindi. Xususan, Bryusselda Belgiya va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi, Gannoverda esa Germaniya va Gollandiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar bekor qilindi.
Ma’lumot uchun, Yamanga qarshi o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Izoh (0)