Samvel Babayan: Ertaga bo‘ladigan o‘yin uchun yashirin qurolimiz bor
12-noyabr kuni O‘zbekiston – KXDR terma jamoalari o‘rtasida kechadigan o‘yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbon jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etdi, deya xabar bermoqda “Uff.uz”. Murabbiy avvalo ertaga bo‘ladigan o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Ertaga juda og‘ir va mas’uliyatli o‘yin bo‘ladi. Raqib KXDR ekanini nazarda tutsak, bu jamoa hurmatga loyiq. Biz o‘yinga astoydil tayyorgarlik ko‘rganmiz, raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rganib chiqqanmiz. Ertaga yaxshi o‘yin namoyish etishga harakat qilamiz”, — dedi u.
— Ertaga bo‘ladigan o‘yinda necha nafar hujumchi maydonga tushadi?— Ertaga bo‘ladigan o‘yinda necha nafar nominal hujumchi maydonga tushishi ahamiyatsiz. Biz imkon qadar jamoa uslubini amalga oshirishga harakat qilamiz.
— Yomg‘irli havo uchun alohida uslub ishlab chiqqanmisiz?— Biz har qanday holatda ham o‘z uslubimizga mos qolishga harakat qilamiz.
— KXDRning kuchli tomoni, qanotlardan tezkor o‘ynaydi va jarima maydonchasiga to‘pni aniq yetkazib beradi. Bunday o‘yinga qarshi turishga tayyormisiz?— Biz raqibni to‘liq o‘rganganmiz va bu fikringiz asosga ega. KXDRning kuchli tomonlaridan yana biri, ularning futbolchilari katta ishtiyoq va vatanparvarlik bilan o‘ynaydi. Har bir futbolchi ikki yuz foiz kuch bilan o‘ynaydi. Bizning esa o‘z yashirin qurolimiz bor va uni ertaga qo‘llashga urinib ko‘ramiz.
— Denisov va Ahmedov Rossiya chempionati va Yevromusobaqalarda katta kuch yo‘qotgan. Ular ertaga o‘z saviyasida o‘ynay oladimi?— Professional futbolchi shuning uchun ham professionalki, u har qanday sharoitda o‘ynay olishi lozim. Ular ertaga maydonga tushib, bor kuchini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.
Anjumandan so‘ng Samvel Babayan qisqacha tilak bildirdi: “Ertaga juda muhim o‘yin bo‘ladi, bu o‘yinda stadionga kelib, jamoani qo‘llashingizni so‘rayman”.