Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan 2018-yilgi jahon chempionati saralashi doirasidagi KXDRga qarshi 12-noyabr kuni bo‘ladigan o‘yin uchun 23 futbolchidan iborat tarkibini e’lon qildi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tarkibdan o‘rin olgan to‘qqiz nafari Rossiya (Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov), Ukraina (Sanjar Tursunov), Qozog‘iston (Aleksandr Geynrix), Janubiy Koreya (Server Jeparov), Xitoy (Anzur Ismoilov), Eron (Fozil Musayev), BAA (Aziz Haydarov), Qatar (Sardor Rashidov) klublarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilardir. To‘liq tarkib quyidagicha:
Darvozabonlar — Aleksandr Lobanov (“Paxtakor”), Murodjon Zuxurov (“Bunyodkor”), Ignatiy Nesterov (“Lokomotiv”);
Himoyachilar — Davron Xoshimov (“Paxtakor”), Yegor Krimets (“Paxtakor”), Anzur Ismoilov (“Changchun Yatay”, Xitoy), Islom To‘xtaxo‘jayev (“Lokomotiv”), Kamoliddin Tojiyev (“Paxtakor”), Vitaliy Denisov (“Lokomotiv”, Rossiya);
Yarim himoyachilar — Odil Ahmedov (“Krasnodar”, Rossiya), Server Jeparov (“Ulsan”, Janubiy Koreya), Aziz Haydarov (“Ash-Shabob”, BAA), Fozil Musayev (“Sepahon”, Eron), Sardor Rashidov (“Al-Jayish”, Qatar), Sanjar Tursunov (“Vorskla”, Ukraina), Stanislav Andreyev (“Paxtakor”), Javohir Sohibov (“Paxtakor”), Jasur Hasanov (“Lokomotiv”), Sanjar Shoahmedov (“Lokomotiv”);
Hujumchilar — Marat Bikmayev (“Lokomotiv”), Igor Sergeyev (“Paxtakor”), Eldor Shomurodov (“Bunyodkor”), Aleksandr Geynrix (“Ordabasi”, Qozog‘iston).
O‘zbekiston — KXDR uchrashuvi Toshkentdagi “Paxtakor” markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin 18:00 da boshlanadi. Bahsni Alirizo Fag‘oniy boshchiligidagi eronlik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda “H” saralash guruhida KXDR terma jamoasi beshta o‘yinda 13 ochko to‘plagan holda peshqadam bo‘lib turibdi. O‘zbekiston esa guruhdagi raqiblaridan bir o‘yin kam o‘tkazgan holda 9 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.