Rossiyaning “Ilyushin nomidagi aviatsiya majmuasi” kompaniyasi bosh direktori Sergey Velmojkin “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida, kompaniya O‘zbekistondagi sobiq Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi (TAIChB) ishlanmalarini sotib olishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “12news.uz” xabar bermoqda.
“Hozirda aviakompaniya o‘z vaqtida Il-114 samolyotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan sobiq Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi ishlanmalarini sotib olish bo‘yicha O‘zbekiston bilan muzokaralar olib bormoqda”, — dedi Velmojkin.
Uning ma’lum qilishicha, Nijniy Novgoroddagi “Sokol” aviazavodida Rossiya aviakompaniyalariga lizing asosida sotish uchun har yili 18 dona Il-114 yo‘lovchi samolyotlarini yig‘ish rejalashtirilmoqda.
Qayd etish joiz, yaqin masofalarga yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan sakkizta Il-114 samolyotlaridan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi muvaffaqiyatli foydalanmoqda, samolyotlar yiliga 1,8 ming soat parvoz qilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston ikkita Il-76 samolyoti planerlarini Isroilga, mazkur samolyotlarning nisbatan tayyor ikkita platformasini esa Rossiyaga sotgani haqida xabar berilgandi.
Mazkur samolyot korpuslari Taganrog aviatsiya ilmiy-texnik majmuasi (TAITM)da Isroil buyurtmasi asosida qayta ishlanadi va unga Isroilning Falcon antennalari o‘rnatiladi.
2014-yil kuzida Hindiston harbiy-havo kuchlari uchun mo‘ljallangan, TAITMda to‘la yig‘ilishi ko‘zda tutilgan ikkita Il-76TD transport samolyotlarining planerlari Toshkentdan Taganrogga yetkazilgandi.