“Nima? Qachon? Qayerda?” intellektual o‘yinining sportcha versiyasi bo‘yicha 13-jahon chempionati 13—16-noyabr kunlari Gruziya poytaxti Tbilisida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qiluvchi Sonet jamoasi a’zosi Usmon Sharifxo‘jayev “Daryo”ga ma’lum qildi.
“Nima? Qachon? Qayerda?” bo‘yicha jahonning eng kuchli jamoasi nomi uchun Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Isroil, Qozog‘iston, Kanada, Latviya, Litva, Moldova, Polsha, Rossiya, Ruminiya, AQSh, Turkmaniston, O‘zbekiston, Ukraina, Finlyandiya, Chexiya, Shveysariya va Estoniyadan 60 jamoa ishtirok etadi.
Ushbu jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan Sonet jamoasi tarkibidan Dmitriy Vagapov, Aleksey Karsevich, Abdulaziz Jalilov, Usmon Sharifxo‘jayev, Yevgeniy Kalyukov, Aleksandr Druz va Anvar Muhametkaliyev o‘rin olgan. Qayd etish joiz, 2014-yilgi chempionatda Sonet jahonning eng kuchli besh jamoasidan biri deb topilgandi.
Xabar berishlaricha, jahon chempionatida eng kuchli bilimdonlar, xususan, Aleksandr Druz, Maksim Potashev, Ilya Novikov, Balash Kasumov va boshqa shu kabi teleo‘yinchilar qatnashadi. Aleksandr Rubin jahon chempionati apellyatsiya hay’ati raisi etib tayinlangan, g‘oliblarni taqdirlash marosimida “Nima? Qachon? Qayerda?” klublari xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Andrey Kozlov qatnashadi.
Ma’lumot uchun, “Nima? Qachon? Qayerda?” bo‘yicha jahon chempionatlari 2002-yildan beri qariyb har yili tashkil etib kelinadi, unda ikki marta — 2010- va 2012-yillarda O‘zbekistonning “NMTT” jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritgan, 2011-yili ikkinchi bo‘lgan.