10-noyabr, seshanba kuni Gazprombank boshqaruvi raisi va direktorlar kengashi rahbarining o‘rinbosari Andrey Akimov Reuters agentligi uning nomidan e’lon qilgan Katerina Tixonova Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qizi ekanligi haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qilgan, deya xabar beradi Forbes.
“Janob Akimov bunday gaplarni aytmagan. U shunday nufuzli agentlik aytilgan so‘zlarni nafaqat noto‘g‘ri yetkazgani, balki buzib talqin qilganidan hayratda qoldi, — deya ta’kidlagan bank matbuot xizmati. — Gazprombank “Innopraktika” bilan hamkorlik qiladi, biroq na boshqaruv raisi, na uning xodimlari Tixonova xonimning qarindoshlik aloqalari to‘g‘risida ma’lumotga ega emas”.
10-noyabr, seshanba kuni Reuters Andrey Akimov Katerina Tixonova rahbarlik qilayotgan va Moskva davlat universiteti ilmiy-texnologik shaharchasini yaratishda ishtirok etayotgan “Innopraktika” fondi vasiylik kengashi a’zosi ekanligi ma’lum qilingan maqolani e’lon qilgandi. Makur maqolada agentlik Gazprombank rahbarining “Men u Putinning qizi ekanligini bilardim. Biroq biz MDU loyihasini oilaviy aloqalardan qat’i nazar qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qaror qabul qildik”, degan so‘zlarini keltirgan.
Reuters manbalariga ko‘ra, 29 yoshli Katerina Tixonova Rossiya prezidentining eski tanishi sifatida YeI sanksiyalari ro‘yxatiga kirgan “Rossiya” banki aksioneri Nikolay Shamalovning o‘g‘li Kirill Shamalovga turmushga chiqqan bo‘lib, juftlik 2 milliard dollar aktivlarga egalik qiladi. Ular asosan Kirill Shamalov Putinning do‘sti tariqasida sanksiyalarga tushgan yana bir milliarder — Gennadiy Timchenkodan sotib olingan “Sibur” neftgaz kompaniyasidagi ulushdan iborat. Reuters’ning ta’kidlashicha, Shamalov uch yil avval Timchenkodan 3,7 million dollarga baholangan Biarritsadagi (Fransiya) to‘rt qavatli villani ham sotib olgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Katerina Tixonova Putinning qizi va Shamalovning rafiqasi ekanligi to‘g‘risidagi ovozalarga oydinlik kiritish haqidagi iltimosga javoban “Biz Tixonova xonimning shaxsiy hayoti, oilaviy holati, yaqinlari, ilmiy faoliyati, loyihalardagi ishtiroki to‘g‘risida hech qanday ma’lumotga ega emasmiz. Keyingi yillarda Vladimir Putinning oilaviy aloqalari, jumladan, qizlari to‘g‘risida haddan ziyod ko‘p mish-mishlarning guvohi bo‘lyapmiz. Bu manbalardagi aniq ma’lumot ulushi kulgili darajada kam”, — deya ma’lum qilgan.
Izoh (0)