Amerikaning New Horizons fazoviy qurilmasi 14-iyul, seshanba kuni Plutonga maksimal yaqin masofa – 12,5 ming kilometrgacha uchib bordi. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
Qurilmaning vazifasi Pluton sayyorasi va uning yo‘ldoshi Xaron haqida iloji boricha ko‘proq ma’lumot to‘plash hamda sayyoraning rangli va oq-qora suratlarini olishdan iborat. Keyin u Xaronga maksimal yaqin masofa – 28,8 ming kilometrgacha uchib borib, uni suratga oladi. New Horizons harakatlanishda davom etib, Pluton, keyin esa Xaronning soyasiga o‘tadi. Bu esa unga Pluton atmosferasi haqida ma’lumot to‘plash imkoniyatini beradi.
New Horizons sayyoralararo stansiyasining Pluton tizimida bo‘lish davomida to‘plagan ma’lumotlarni uzatishi 2017-yilning mart oyida yakunlanishi mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, New Horizons sayyoralararo stansiyasi 8-iyul kuni Plutonning hozirgi paytgacha olingan eng sifatli suratini uzatgan edi. Suratning pastki o‘ng qismida yurak shaklidagi oqish dog‘ni ko‘rish mumkin.