Bugun Nepalda sodir bo‘lgan 7,4 ballik zilzila oqibatida halok bo‘lgan yana 19 kishining jasadi Dolakxa okrugidan topildi, deb xabar bermoqda “Exo Moskvi”. Bungacha politsiya 7 kishi halok bo‘lgani va 150 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar soni yana oshishi mumkin, chunki ko‘plab tumanlardan ma’lumot hali kelib tushmagan. Zilzila markazi Everest yaqinida, Nepal poytaxti Katmandudan 80 kilometr sharqda bo‘lgani aytilmoqda.
Kuchli zilziladan keyin yana bir necha marta takroriy silkinish bo‘lgan. Katmanduda odamlar qo‘rquvdan ko‘chaga yugurib chiqqan. Aeroport va do‘konlar yopilgan. Hindiston sharqidagi Bixar shtatida ham 10 kishi halok bo‘lgan, bir necha uy buzilgan. Dehlidagi binolar bir daqiqa chayqalib turgan.
Eslatib o‘tamiz, 25-aprel kuni Nepalda 7,9 ballik zilzila va 90 ga yaqin takroriy silkinish sodir bo‘lishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 8 mingdan oshgan edi.
Izoh (0)