Bugungi kunga qadar Yoshlar madaniyat va san’at markazi davlat unitar korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan “Kuyla yoshligim” teletanlovining hududiy bosqich (kasting)lari o‘tkazilgan edi, deb xabar beradi “Popcorn.uz”.
Ushbu hududiy bosqichlarda 1600 nafardan ziyod iste’dod egasi o‘zini sinovdan o‘tkazib, ulardan 94 nafari respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi.
Joriy yilning 25-aprel kuni Yoshlar ijod saroyida teletanlovning respublika bosqichi o‘tkazildi. Hakamlar hay’ati qaroriga binoan, respublika saralash bosqichida eng iste’dodli 15 nafar ishtirokchi tanlab olindi.
Respublika bosqichidan muvaffaqiyat bilan o‘tgan 15 nafar eng kuchli ovoz sohibi uchun 6 hafta davomida vokal, xoreografiya, aktyorlik mahorati va psixologiyadan mashg‘ulotlar olib boriladi. Eng asosiysi, Yoshlar madaniyat va san’at markazi tomonidan ishtirokchilarga zamonaviy ovoz yozish studiyasida o‘z qo‘shiqlarini yozish imkoniyati taqdim etiladi.
Tanlov shartiga binoan, loyihaning yakuniy final bosqichiga qadar har hafta ishtirokchilarining hisobot konsertlari tashkil qilinadi. Uning natijalariga ko‘ra, hay’at a’zolari uch nafar nisbatan muvaffaqiyatsiz ishtirokchini tanlaydi va ulardan ikki nafari loyihani tark etadi.
Yakuniy gala konsert o‘zbek estradasi xonandalari va loyiha finalchilari ishtirokida “Istiqlol” san’at saroyida o‘tkaziladi. Konsertda loyihaning final bosqichi qatnashchilari va tanlov g‘olibi e’lon qilinadi.
Loyiha yakunlanganidan so‘ng, Respublika bo‘ylab “Kuyla, yoshligim!” estrada vokal tanlovining g‘olibi va qatnashchilar ishtirokida konsert dasturlari tashkil etiladi.
Izoh (0)