O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov 10-mart kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasi raisi I.Jo‘rayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili O.Ravshanov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov nutq so‘zlab, yig‘ilganlarga o‘z saylovoldi dasturi haqida ma’lumot berdi.
Nomzodning saylovoldi dasturida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini aholi o‘rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, ular tashabbuskorligini rag‘batlantirish, mehnat va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taqdim etayotgan korxonalarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni yanada faollashtirish belgilangan. Aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar sifatini oshirish, ularning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirishga xizmat qiluvchi raqobat muhitini mustahkamlash ustuvor masalalar sifatida qayd etilgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Qarshi shahar kengashi raisi R.Murtazoyev, Muborak ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi N.Umirova, Qarshi shahridagi 3-oilaviy poliklinika bosh shifokori M.Bozorova va boshqalar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)