Osiyo kubogi−2015dagi ishtirokini kutilganidan biroz ertaroq yakunlagan Mirjalol Qosimov boshchiligidagi terma jamoamiz O‘zbekistonga qaytib keldi. Futbolchilarimizni kutib olish maqsadida Toshkent xalqaro aeroportiga chiqqanimizda kamsonli muxlislar bilan bir qatorda ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassis Tohir Kopadzeni ham uchratdik, deb xabar bermoqda “Sports.uz”.
Vaziyatdan unumli foydalangan holda ushbu mutaxassisning Osiyo kubogi−2015 turnirida terma jamoamizning ishtiroki borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.
– Tohir aka, terma jamoamizning Osiyo kubogi−2015 turnirdagi ishtiroki borasida nima deya olasiz?
– Avvalambor, shuni ta’kidlash kerakki, terma jamoamizning turnirda qayd etgan natijasi barchamizni hafa qildi. Zero, butun xalqimiz milliy termadan eng kamida o‘tgan safargi natija qaytarilishini kutgandi. Ammo futbolchilarning ko‘rsatgan o‘yini yomon bo‘lgani yo‘q. Yigitlar qo‘ldan kelgancha harakat qilishdi.
– Turnirdan oldin ko‘pchilik bizni favoritlar qatoriga qo‘shishdi va hattoki yarim finalga yetib borishadi deyishgandi. Ammo bunday bo‘lmadi. Bunga nima sabab bo‘ldi?
– Ha, albatta, termamiz hech bo‘lmaganda Qatardagi natijani qayd etishi zarur edi. Ammo bu futbol. Mana Yaponiya ham turnirni tark etdi. Bu ham kutilmagan holat. Biroq futbolchilarga e’tirozimiz yo‘q. Bizga qayerdadir tajriba, mahorat yetmagan bo‘lsa, qayerdadir omad. Shuningdek, hakamlarning ta’siri ham bo‘ldi. Shu sababli maqsadimizga yeta olmadik. Tarkibdagi Jamshid Iskanderov, Sardor Rashidov va ba’zi himoyachilar hali yosh, shu bilan birga bunday katta musobaqalarda tajriba ham muhim ahamiyatga ega. Bularning barchasi ular katta dars bo‘ldi, deb o‘ylayman. Umuman ular uchun barchasi hali oldinda.
– So‘nggi o‘yinda tajribali o‘yinchilar o‘rniga yoshlar tushirilishini kutganmidingiz?
– Yo‘q, buni kutmagandim. Bunday yirik turnirlarda tajribali o‘yinchilar juda zarur. Men Server Jeparovning maydonga tushirilmaganligini umuman tushunmayapman. Chunki u O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Bundan tashqari jamoada unga ehtiyoj ham bor edi. Sababini faqat murabbiylar biladi. Menimcha, u albatta, o‘ynashi kerak edi.
– Terma jamoamiz safida porlayotgan Sardor Rashidov haqida fikrlaringiz?
– Sardor Rashidov jamoamiz safida yaxshi taassurot qoldirgan o‘yinchilardan biri. Driblingi, zarbalari hammasi yaxshi. Biroq futbolda buning o‘zi kamlik qiladi. U o‘z ustida ko‘p ishlashi va tajriba to‘plashi zarur. Bu yigitimizga omad tilayman. Kelajakda u bundan ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishiga umid qilaman.
– Oxirgi savol. Osiyo Kubogi-2015da kim g‘olib bo‘ladi?
– Umuman olganda, turnirda ishtirok etmas ekanmiz, bizga kim chempion bo‘lishi muhim emas. Ammo Janubiy Koreya g‘olib bo‘lishini xohlardim.
Izoh (0)