“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining navbatdagi so‘rovida ishtirok etganlarning fikricha, 2014-yilda aholi moddiy darajasini oshirish, turar-joy sharoitlari, umuman, hayot sifatini yanada yuksaltirish borasidagi ulkan ishlar davom ettirildi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi” nashri.
Buni uzoq muddat foydalaniladigan mahsulotlarga ega fuqarolar soni ko‘paygani misolida ham kuzatish mumkin. Respondentlar tomonidan har ikki oilaning bittasida avtomobil, shuningdek, kir yuvish mashinasi, changyutgich, parabolik antenna, kompyuter kabilar mavjudligi aytib o‘tildi. O‘z navbatida, oilalar tomonidan zamonaviy maishiy va elektrotexnika vositalariga ega bo‘lish respublikaning barcha hududida jadal sur’atlarda hamda nisbatan bir me’yorda kechmoqda.
Bu galgi ijtimoiy tadqiqot yakunlari 2012/2013-yillardagi so‘rovlar bilan muqoyasa qilinganda, shu ma’lum bo‘ldiki, ta’lim, oylik ish haqini o‘z vaqtida olish, salomatligi, oiladagi ichki kelishmovchilik, huquqining buzilishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan fuqarolar soni kamaygan. Bugun o‘zbekistonliklarning mutlaq katta qismi o‘zining shaxsiy uyi yoki kvartirasiga ega.
Odamlarda qonunga hurmat, huquqiy asoslarga qat’iy rioya etgan holda yashashga intilish hisi sezilarli darajada oshgan. Deyarli 40 foiz respondentning fikricha, mahalliy davlat hokimiyati organlari ishi ularning kundalik faoliyati shaffofligi va shu bilan bog‘liq axborotga ega bo‘lish nuqtai nazaridan yaxshi tomonga o‘zgargan.
Sotsiologik so‘rovga muvofiq, fuqarolarning mutlaq katta qismi O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan integratsiyaga kirishish darajasi, xorij davlatlari bilan iqtisodiyot, sanoat, transport kommunikatsiyalarini barpo etish, fan, madaniyat, ta’lim, tibbiyot sohalaridagi hamkorligini yuqori baholaydi.
Respondentlarning mutlaqo ko‘pchiligi mamlakatda obod turmush, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolarning jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etishi uchun barchasi muhayyo etilgan, deb hisoblaydi.
Izoh (0)