O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mediamarkazida 7-yanvar soat 18:00 dan ko‘rsatuvlarini efirga uzatishni boshlaydigan “Mahalla” teleradiokanali efirlarini boshlashiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda UzReport.
Matbuot anjumanida teleradiokanal dasturlarida asosiy e’tibor respublika aholisi, ayniqsa yoshlarni, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda noyob milliy tuzilma sifatida mahalla institutining roli va ahamiyati to‘g‘risida keng xabardor etish, shuningdek, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va oilalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish bo‘yicha namunaviy mahallalarning ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish, aholi bandligini hal etish, keksalarga ko‘maklashish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va hududlarni obodonlashtirish, mahallalarning davlat boshqaruvi organlari va jamoatchilik tuzilmalari bilan ijtimoiy sherikchiligini kengaytirish bilan bog‘liq masalalarni hal etishda mahallalar faoliyatini keng yoritishga qaratilishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, “Mahalla” teleradiokanali kollektivining asosiy maqsadi 2015-yil − “Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi mazmuni va mohiyatini keng targ‘ib qilish, ko‘p asrlik an’analar, kattalarga hurmat va kichiklarga izzat qadriyatlarining yoshlar tarbiyasidagi roli to‘g‘risida teleradiomahsulotlarni tayyorlash ekanligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida yangi raqamli “Mahalla” teleradiokanali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla” ma’rifiy teleradiokanalini tashkil etish va raqamli teleuzatishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2014-yil 17-dekabrdagi PP-2273-son Qaroriga muvofiq ishga tushirilmoqda.
Izoh (0)