Rossiyaning Beloyarskiy shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ikkitadan oltin, kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Nufuzli musobaqada dunyoning 20 ga yaqin davlatidan 120 nafardan ziyod bokschi g‘oliblik uchun bahslashdi.
Jahon kubogida 64 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik sportchi, talabalar o‘rtasida jahon chempioni Shahram G‘iyosov ozarbayjonlik Lorenso Sotomayorni, yarim finalda qirg‘izistonlik Ermek Sakenovni, finalda tojikistonlik Shavkat Rahimovni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medal sohibi bo‘ldi.
Mutlaq og‘ir vazn toifasida qatnashgan O‘zbekiston chempioni Bahodir Jalolov ham o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. U rossiyalik Sergey Yegorov, tojikistonlik Mirzohiddin Karimov va finalda yana bir mezbon bokschi Ivan Veryasovni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Botirali Mamajonov (81 kg) va Abdulla Qo‘chqorov (49 kg) kumush, Murodjon Ahmadaliyev (56 kg) va Ulug‘bek Xaqberdiyev (75 kg) bronza medal bilan taqdirlandi.
Izoh (0)