Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zining Instagramdagi sahifasiga Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan mamlakat prezidenti Vladimir Putinning oldida tushilgan selfi-fotosuratni joylashtirdi.
Rasmga berilgan izohda aytilishicha, Qodirov va Medvedev Nalchikda alohida uchrashuv o‘tkazib, kelajakdagi loyihalar haqida suhbatlashgan. Qodirov dunyodagi vaziyat qaltisligi tufayli Rossiya oldida yangi iqtisodiy vazifalar turgan bir paytda Medvedev mintaqalarga real yordam ko‘rsatayotgani uchun undan minnatdor ekanligini ta’kidlagan.
“Biz Dmitriy Anatolyevich bilan birga dunyoning eng katta ta’sirga ega shaxsi, Rossiya milliy yetakchisi portreti oldida selfiga tushdik”, − deb suratga sharh bergan Qodirov. Shuningdek, ushbu post Checheniston rahbarining Facebook’dagi sahifasida ham joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Forbes jurnali versiyasi bo‘yicha 2014-yilning eng nufuzli kishisi deb tan olingani xabar berilgan edi.