Bahraynga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bahs haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
“Farruh Sayfiyevni ilk bor chap qanot himoyasida o‘ynatib ko‘rdik, — deya gap boshladi Mirjalol Qosimov. — Ba’zi vaziyatlarda uchta himoyachi bo‘lib o‘ynadik. Menimcha Sayfiyev yaxshi harakat qildi. Bugun o‘yinimiz yomon chiqqani yo‘q, to‘p nazorati bizda bo‘ldi. Lekin imkoniyatlardan foydalanishda oqsayapmiz. Hujum chizig‘i meni xavotirga solmoqda”.
Bosh murabbiy o‘rtoqlik o‘yinlarida uchta o‘yinda uchta darvozabonga imkon berish orqali ularning har biri tekshirilishini qayd etib, Akbar To‘rayev ham shu maqsadda maydonga tushirilganini aytdi.
Shuningdek, u hujum haqida fikr bildirar ekan, yakuniy pallada yaxshi harakat qila olinmayotganini ta’kidladi.
Bevosita Bahraynga qarshi uchrashuvga to‘xtalib, murabbiy o‘rtoqlik o‘yini bo‘lgani uchun ham biroz sustroq o‘ynalganini qayd etdi: “Bu ruhiyat bilan bog‘liq. Bunday bahslarda hech kim 100 foiz kuch bilan o‘ynamaydi”.
Qosimovning aytishicha, o‘yinga ob-havo ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Ikkinchi bo‘limda asosiy o‘yinchilarga dam berilganining asosiy sababi ham aynan ob-havoning issiqligi bo‘lgan. “Bundan tashqari, BAA bilan o‘yindan oldin qolgan o‘yinchilarga ham imkon berishni ko‘zlagandim”, — dedi murabbiy.
Hakamlarga to‘xtalar ekan, Mirjalol Qosimov oddiy vaziyatlarda ham O‘zbekistonga qarshi qarorlar qabul qilinganini aytdi. “Menimcha terma jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarda yuqoriroq saviyadagi hakamlar ishlashi kerak”, — deb fikriga yakun yasadi bosh murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bahrayn termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini Dubay shahrida 10-oktabr kuni o‘tkazdi. O‘zbekiston vakillarida g‘alabaga chanqoqlik, ishtiyoq degan narsalar deyarli ko‘zga tashlanmagan mazkur o‘yinda hisob ochilmadi.
Izoh (0)