Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlari ham tarix sahifasiga bitildi. XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida jami 45 davlatdan 9553 nafar sportchi ishtirok etdi. Qit’aning eng yirik sport bayramida O‘zbekiston sharafini sportning 32 turi bo‘yicha 291 nafar sportchi himoya qildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati.
Musobaqalarning birinchi kuni o‘tkazilgan Osiyo olimpiya kengashining 33-Bosh Assambleyasida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi Osiyoda olimpiya harakatini eng faol qo‘llab-quvvatlayotgan MOQ sifatida e’tirof etildi. Assambleyada ishtirok etgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax hamda Osiyo olimpiya kengashi rahbari Ahmad Al-Fahad As Saboh O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Mirabror Usmonovga Osiyo olimpiya kengashining oliy mukofotini tantanali sur’atda topshirdi.
Osiyo o‘yinlarining birinchi kunidayoq O‘zbekiston delegatsiyasi xazinasi aynan yosh, bu kabi yirik sport musobaqasida birinchi bor ishtirok etayotgan og‘ir atletikachi Mahliyo Tog‘ayeva tomonidan qo‘lga kiritilgan bronza medali bilan boyidi.
XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan jami 44 ta medaldan 10 tasi (uchta oltin, uchta kumush va to‘rtta bronza) aynan O‘zbekiston xotin-qizlari hisobiga to‘g‘ri keldi.
Qit’aning eng yirik sport bayramida O‘zbekiston badiiy gimnastikachilari — Jamila Raxmatova, Ravilya Farxutdinova, Valeriya Davidova va Anastasiya Serdyukova, yengil atletikachilar Svetlana Radzivil va Yekaterina Voronina jamoaviy bahslarda shoxsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Oksana Chusovitina (sport gimnastikasi), Aleksandra Kotlyarova (yengil atletika), Barno Mirzayeva (karate) kumush, Nadiya Dusanova (yengil atletika), Yuliya Tarasova (yengil atletika), Mahliyo Tog‘ayeva (og‘ir atletika), Anastasiya Serdyukova (badiiy gimnastika) esa bronza medallari bilan taqdirlandi.
O‘z navbatida O‘zbekiston xotin-qizlari tomonidan erishilgan muvaffaqiyatlar, ko‘plab xorijlik muxlis-u mutaxassislarning olqish va e’tiroflariga sazovor bo‘ldi. Jumladan, sport gimnastika olamida qariyb 25 yildan buyon sportchi sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Oksana Chusovitinaning erishgan natijalari sport saroyi suxandoni tomonidan e’lon qilinganida, sport gimnastikasi saroyiga yig‘ilgan muxlislar Oksanani o‘rinlaridan turganicha uzoq vaqt olqishladi.
E’tiborlisi, bunday olqishlar o‘zbekistonlik badiiy gimnastikachi qizlarni jamoaviy bahslarda g‘oliblikka erishib, shoxsupaga ko‘tarilganlarida, shuningdek, yengil atletikachi, balandlikka sakrash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari rekordchisi (1,95 metr) Svetlana Radzivilga Osiyo o‘yinlarining navbatdagi oltin medali tantanali sur’atda topshirilayotganida ham yangradi.
Shu o‘rinda, yettikurash musobaqalarida o‘zini har tomonlama iroda va matonatini namoyon etgan Yekaterina Voronina qit’aning eng yirik sport anjumanida birinchi bor ishtirok etganligiga qaramay, ko‘plab Olimpiada o‘yinlari hamda jahon chempionatlarining g‘olib va sovrindorlarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.
Incheon — 2014 o‘yinlaridagi birinchi oltin medal ham Osiyo o‘yinlarida ilk bora ishtirok etayotgan Bekzod Abdurahmonov tomonidan qo‘lga kiritildi. Erkin kurash bo‘yicha vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Bekzod final bellashuvida koreyalik Ox Manxoni 7:2 natijasi bilan yengib, o‘z vazn toifasida Osiyoda tengsiz sportchi ekanligini ko‘rsatdi.
Taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarning birinchi kunidayoq Jasur Boyqo‘ziyevning olimpiada o‘yinlari va jahon chempionatlarining g‘olib va sovrindorlari o‘rin egallagan sportchilar orasida birinchi pog‘onani egallashi, shuningdek, Dmitriy Shokin va aka-uka Maksim va Nikita Rafalovichlarni sovrindorlar safidan joy olishi ko‘plab muxlis-u mutaxassislarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur Osiyo o‘yinlarida, shuningdek, Shahobiddin Zoirov, Isroil Madrimov, Oybek Mamazulunov (barchasi boks), Ernest Irnazarov (baydarka va kanoeda eshkak eshish), Abdulla Azimov (sport gimnastikasi), Yahyo Imomov, Sarvar Shomurodov (har ikkisi dzyudo), Ulug‘bek Alimov, Sardor Do‘stmurodov (har ikkisi og‘ir atletika), Rustam Assakalov, Dilshodbek Turdiyev (har ikkisi yunon-rum kurashi), Umidjon Ismanov (erkin kurash), Shaxboz Ahadov, G‘ofirjon Zohidov (har ikkisi karate) kabi sportchilarning bunday yirik sport musobaqasida ilk bor qatnashganliklariga qaramay, shohsupaga ko‘tarilganliklari O‘zbekistonda yosh sportchilarni tarbiyalash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligining yorqin isboti bo‘ldi.
Umuman bu safargi Osiyo o‘yinlarida aksariyat O‘zbekiston terma jamoasini yangilangan tarkibda ishtirok etganligini alohida ta’kidlash joiz.
E’tiborlisi, o‘ta murosasiz ruhda kechgan musobaqalarning yakunlariga ko‘ra, sovrindorlar safidan o‘rin egallagan O‘zbekiston sportchilarining qariyb 60 foizini aynan Osiyo o‘yinlarida birinchi marotaba ishtirok etgan sportchilar tashkil etdi.
Incheon — 2014 o‘yinlarida medallarni qo‘lga kiritish borasida erkin va yunon-rum kurashi (jami yettita), yengil atletika (yettita), baydarka va kanoeda eshkak eshish (beshta), badiiy va sport gimnastikasi (beshta), taekvondo WTF (to‘rtta), dzyudo (beshta), karate (uchta), og‘ir atletika (uchta) kabi sport turlari vakillari o‘z oldilariga qo‘ygan vazifalarni bajardi.
Aksincha, boks, akademik eshkak eshish, slalom, suzish, sinxron suzish, velosport, o‘q otish, kamondan otish, qilichbozlik, u-shu, bouling, zamonaviy beshkurash, triatlon, regbi kabi sport turlarida O‘zbekiston terma jamoasi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erisha olmadi.
Belgilangan rejani bajara olmagan ayrim sport turlari bosh murabbiylarining ba’zilari bunga hakamlarning o‘z vazifalariga vijdonan yondashmaganliklarini, yana bir qator mutaxassislar esa sportchilarning musobaqalarga jismoniy va ruhiy holati yetarli darajada tayyor bo‘lmaganligini ta’kidlab o‘tdi.
Mazkur Osiyo o‘yinlari bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston sportchilarini 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash borasida qay darajada to‘g‘ri yo‘ldan borayotganligini ham ko‘rsatib berdi.
Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik 291 nafar sportchidan 56 nafari sovrindorlar safidan o‘rin egalladi. Bu o‘rtacha har besh nafar sportchidan biri sovrinli o‘rinlardan birini egallaganligidan dalolat beradi. O‘zbekiston sportchilari ishtirok etgan 32 sport turidan 12 tasida sovrinli o‘rinlar band etildi.
Osiyo o‘yinlarining yakunlariga ko‘ra to‘qqizta oltin, 14 ta kumush va 21 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston delegatsiyasi oltin medallar soni bo‘yicha umumjamoa hisobida 11-o‘rinni, medallarning umumiy soni bo‘yicha esa 9-o‘rinni egalladi.
XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilar ro‘yxati bilan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmatida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston delegatsiyasining XVII yozgi Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroklari Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda sport federatsiyalari rahbarlari ishtirokida atroflicha tahlil etiladi va unda qabul qilingan qaror hamda belgilangan vazifalar, albatta, omma e’tiboriga havola etiladi.
Izoh (0)