25-avgust kuni Samarqand viloyati Urgut shahrida yangi madaniyat va istirohat bog‘i ochildi. Uning diqqatga sazovor joylaridan biri O‘zbekistonda “tengi yo‘q” favvora bo‘ldi, deb ma’lum qildi “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi.
O‘zbekistondagi British American Tobacco kompaniyasi sobiq buyum bozori o‘rnida barpo etilgan Urgut istirohat bog‘i uchun 1,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratdi.
10 dan ziyod daraxt turlari, shu jumladan, ekzotik o‘simliklar ekilgan bog‘ hududida 2600 o‘rinli amfiteatr ham qurilgan. Shuningdek, bu yerda katta o‘yin markazi ham tashkil etilgan bo‘lib, unga asta-sekinlik bilan yangi o‘yin avtomatlari o‘rnatiladi.
Ayni damda Urgut shahri markazida joylashgan madaniyat va istirohat bog‘ining maydoni yetti gektarni tashkil etadi. Muassasa xodimlari bog‘ni kengaytirish orqali uning hududini 10 gektargacha yetkazishni rejalashtirgan.
Bog‘ hududidagi favvora Italiya favvoralari loyihalarini o‘rganib chiqish asosida qurilgan bo‘lib, unga suv 13 nasos orqali yetkazib beriladi. Favvora 80 ga yaqin ko‘rinishda raqsga tushadi.
Madaniyat va istirohat bog‘iga asta-sekinlik bilan turli attraksionlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Xususan, 2015-yil bog‘ hududida balandligi 42 metrni tashkil etadigan “Charxpalak” qad ko‘tarishi rejaga kiritilgan. Uning mamlakat bog‘laridagi “Charxpalak”lar orasida eng baland attraksionlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Izoh (0)