Rossiya oltin zaxirasi bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirib, dunyo reytingida 1094,7 tonna oltin (oltin-valyuta rezervi umumiy hajmining 10 foizi) bilan oltinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda World Gold Council (Butunjahon oltin kengashi) ma’lumotiga tayanib, “Vesti Ekonomika” xabar berdi.
Rossiya Markaziy banki joriy yilning ikkinchi choragida yana 54 tonna oltin xarid qilgan. Bu 2009-yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Ayni damda eng ko‘p oltin AQShda (8133,5 tonna) bo‘lib, mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining 72 foizini tashkil etadi.
Bundan tashqari, AQSh Fort-Noks harbiy bazasida o‘z oltinlari bilan birga hajmi bo‘yicha butun dunyoda ikkinchi o‘rinda turgan Germaniya Markaziy bankiga tegishli oltin (3384,2 tonna zaxiraning 68 foizi)ni ham saqlamoqda. Ma’lumot uchun, Germaniya o‘ziga qarashli oltinning kattagina qismini boshqa mamlakatlarda saqlashni lozim topadi. Hozirda Germaniyaning 33 foizga yaqin zaxirasi AQSh, 25 foizga yaqini esa London va Parijda saqlanmoqda.
Xalqaro valyuta fondi (2814 tonna) butun dunyoda oltin zaxiralari bo‘yicha uchinchi pog‘onani, Italiya (2451,8 tonna zaxiralarning 67 foizi) to‘rtinchi, Fransiya (2435,4 tonna yoki zaxiralarning 65 foizi) beshinchi o‘rinni egallagan.
2014-yil ikkinchi kvartalida zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan talabning kamayishi natijasida butun jahonda oltinga bo‘lgan talab 16 foizga kamaygan. World Gold Council 2013-yilda oltin narxining pasayib ketganligini qayd etib, 2014-yilda savdoning barqarorlashishini kutayotganini ma’lum qildi.
Izoh (0)