“Suvsoz” davlat unitar korxonasi bosh muhandisi M. Abbosxonovning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtga har kuni markazlashtirilgan suv ta’minoti tarmoqlari orqali ikki million kub metrdan ziyod suv yetkazib beriladi. Ushbu tarmoqlarning umumiy uzunligi 3,6 ming kilometrdan oshadi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shaharda faoliyat ko‘rsatayotgan 169 ko‘tarma nasos stansiyasi suv ta’minoti tizimining samarali ishlashiga yordam beradi. Shu bois “Suvsoz” davlat unitar korxonasi mutaxassislari ularning texnik holatini muntazam kuzatib, ishlashini takomillashtirib boradi.Korxona zamonaviy energiya tejaydigan qariyb 240 nasos sotib olish uchun shartnoma tuzgan. Ushbu nasoslarning ayni paytda 135 tasidan samarali foydalanilmoqda. Bu, o‘z navbatida, poytaxtda suv ta’minotini sezilarli darajada yaxshilash imkonini bermoqda.
“Suvsoz” davlat unitar korxonasi tomonidan Toshkent shahar suv ta’minoti tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va takomillashtirishga qaratilgan qiymati 10 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Uchta yirik suv quyiladigan inshoot rekonstruksiya qilinib, eskirgan uskunalar zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalar bilan almashtirildi. “Qodiriya” suv o‘tkazish inshooti, Qibray suv chiqarish inshooti va Bo‘zsuv bosh suv inshootida yangi nasoslar o‘rnatildi.
Islom Karimovning 2010-yil 16-dekabrda qabul qilingan Islom taraqqiyot banki ishtirokida Toshkent shahri kanalizatsiya tizimini takomillashtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, ayni paytda uchta kanalizatsiya tozalash inshooti rekonstruksiya qilinib, eskirgan uskunalar almashtirilmoqda, Qoraqamish kollektori qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda.
Izoh (0)