Agar mutasaddilar jiddiy e’tibor qaratmasa, terak va qayrag‘och kabi daraxtlarimiz jiddiy xavf ostida qoladi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi, biolog olim Abdushukur Hamzayev ma’lum qildi.
Olimning ma’lum qilishicha, zararkunanda hasharotlar tufayli teraklar jiddiy xavf ostida.
Men kuni kecha Toshkent shahridan Surxondaryo viloyati (Sariosiyo tumani)gacha bo‘lgan hududdagi M-39 yo‘li bo‘ylab ekilgan daraxtlar holatini ko‘zdan kechirdim.
Ayniqsa, Toshkent viloyatidan Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani hududigacha bo‘lgan yo‘l bo‘ylarida ekilgan teraklar (asosan chetdan keltirilgan turlari)dagi holat juda yomon.
Aprel oyi yakuniga yetmasdan bu teraklar kuz rangiga bo‘yalgan. Albatta bu tabiiy hodisa emas, zararkunandalar ta’sirida teraklar mana shunday ko‘rinishga kelgan. Bu zararkunandalar so‘nggi 2-3 yilda keskin ko‘paydi. Agar mutasaddilar jiddiy e’tibor qaratmasa terak va qayrag‘och kabi daraxtlarimiz jiddiy xavf ostida qoladi, — dedi Ekologik partiya raisi.
Avvalroq, iqlimshunos Erkin Abdulahatov 2024-yilda qishloq xo‘jaligi noodatiy zararkunandalar xavfi bilan kurashishiga to‘qnash kelishi mumkinligini aytib o‘tgandi.
Izoh (0)