Telegram messenjeridagi kanallarda xonanda Botir Qodirov marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayevni otalikni belgilash uchun sudga bergani aytilgan xabarlar tarqaldi. “Daryo” mazkur holatga aniqlik kiritdi.
“Daryo” manbasining bildirishicha, san’atkorlar o‘rtasidagi mojaro Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida, sudya Lola O‘tanboyeva raisligida ko‘rib chiqilmoqda.
Da’vogar Qodirov Botir Sheraliyevich javobgarlar — Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlardan otalikni belgilashni talab qilgan.
Aniqlashtirilishicha, Botir Qodirov 2024-yilning 19-mart kuni sudga ariza kiritgan. Ishni ko‘rish 15-aprel kuni boshlangan. Biroq javobgar vakili ish bilan tanishish uchun ishni ko‘rishni boshqa kunga qoldirishni so‘ragani sababli sud majlisi bugun, 23-aprel soat 14:30 ga qoldirilgan.
Bildirilishicha, bugungi sudda da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilgan. Guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillar — fotosuratlar, dalolatnoma yozuvi va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning asl nusxasini talab qilib olish uchun ish yana qoldirilgan.
Botir Qodirovning da’vo arizasiga Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2023-yil 29-sentyabrdagi xulosasi va undagi mutaxassis fikri ilova qilingan. Unda Halimjon Nurmatov va Qodirov Botir Sheraliyevichning amaki-jiyan ekanligi bo‘yicha fikr berilgan.
Botir Qodirov 2008-yil Yangiyo‘l tuman FHDY bo‘limiga murojaat qilib, 26-fevral kuni familiyasini Jo‘rayevdan Qodirovga, otasining ismini Sherali o‘g‘lidan Sheraliyevichga o‘zgartirgan. Bu haqda ham sudga hujjatlar taqdim etilgan.
Sudning navbatdagi majlisi 2024-yilning 2-may kuni soat 15:00 ga qoldirilgan.
Izoh (0)