Markaziy bank boshqaruvi 25-apreldagi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayishda davom etib, mart oyida yillik 8 foizni tashkil etgan. Bunda, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilgan. Tashqi oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar dinamikasi import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi taʼsir ko‘rsatgan. Bazaviy inflyatsiya sezilarli sekinlashib, mart oyida yillik 7,6 foiz va yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasidan pastroq shakllangan.
Makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024-yilda umumiy inflyatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirilgan.
“Umumiy inflyatsiya prognozini yangilanishi tartibga solinadigan narxlar oshishining pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida keltirilgan makroiqtisodiy prognozlarida inobatga olingan dastlabki darajasidan yuqoriroq bo‘lishi bilan bog‘liq. Biroq ushbu o‘zgarishlarning iqtisodiyotdagi narxlarga taʼsiri bir martalik xarakterga ega bo‘lib, isteʼmol talabini maʼlum darajada pasaytirishi orqali o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning pasayuvchi trendiga sezilarli taʼsir ko‘rsatmaydi”, — deyiladi xabarda.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 2024-yilning birinchi choragida iqtisodiyotning o‘sish surʼati 6,2 foizgacha tezlashgan. Xizmat ko‘rsatish, chakana savdo aylanmasi va qurilish sohalaridagi yuqori o‘sish surʼatlari, shuningdek, ishlab chiqarish va tog‘-kon sanoati sohalarida investitsion faollikning oshishi kuzatilgan.
So‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9 foizga qadrsizlanib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllangan. Tashqi savdo hamkorlar milliy valyutalari kurslari va inflyatsiyalari bo‘yicha prognozlarni inobatga olganda real almashuv kursiga nisbatan bosimlar kuzatilmagan.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, YIM o‘sishi yil yakuniga 5,2-5,7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.
- O‘zbekistonda 2023-yil 16-martda asosiy stavkani yillik 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 14 foiz darajasida belgilandi. Shundan buyon asosiy stavka o‘zgarishsiz qolib kelmoqda.
Izoh (0)