“Korrupsiyaga qarshi kurashishni do‘stingizni qamoqqa jo‘natishdan boshlang. Siz ham, ular ham nima sababdan ekanini yaxshi bilasiz”, – Li Kuvan Yu.
Insoniyat ming yillardan buyon korrupsiya degan illatga qarshi kurashib keladi. Afsuslar bo‘lsinki, shu vaqtgacha bu dardisardan butunlay xalos bo‘lgan davlat yo‘q. Hatto korrupsiya uchun o‘lim jazosi belgilangan Xitoyda ham amaldorlar bu jinoyatni qilishdan tiyila olmaydi. O‘zimizni-ku gapirmasa ham bo‘ladi.
Nega korrupsiya insonlarning qon-qoniga singib ketgan? Nega odamlar pora olishni va berishni sevadi? “Daryo” jamiyatimizdagi eng og‘riqli muammolardan biri korrupsiya haqida faktlarga tayangan holda ko‘rsatuv tayyorladi.
Korrupsiya siz uchun nima?
Hamid Sodiq, jamiyatshunos va siyosatshunos:
— Korrupsiya – jamlanib yashash sharoitida tabiiy vujudga keladigan jarayon. Ya’ni insonlar ma’lum bir joyda jamlansa, insonlar o‘rtasidagi aloqalar murakkablashsa va ma’lum bir iyerarxiya paydo bo‘lganida korrupsiyaning xavfi tug‘ila boshlaydi. Shu boisdan davlatchilikning ilk belgilari paydo bo‘lgan davrida ham korrupsiyaning belgilarini uchratish mumkin.
Obidjon Latipov, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining sobiq xodimi:
— Korrupsiya – bu illat. Illat bo‘lganda ham insoniyatning Qadim tarixidan boshlab, bugungi kungacha inson bilan doim birgalashib, rivojlanib, taraqqiy etib kelayotgan illat hisoblanadi. Korrupsiyaning xavfi global darajaga yetgan. BMTning korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyada korrupsiya “barqaror rivojlanishga tahdid” deb baholangan. Korrupsiya shunchaki illat emas, bu insoniyatni barqaror rivojlanishiga tahdid soladigan, davlatlarni izdan chiqarib yuborishi mumkin bo‘lgan illat. Tarixda ko‘plab davlatlarni tanazzulga uchraganini ko‘rish mumkin. Agar tarixni yaxshilab tahlil qilsak, davlatlarning qulashiga sabab bo‘lgan eng asosiy omil – bu korrupsiya!
Birinchi ma’muriyat davrida korrupsiya qanday edi? Hozirgi ma’muriyat davrida korrupsiya qanday?
Farhod Karimov, siyosatshunos:
— 7-8 yil ichida korrupsiyani oldini olishga qaratilgan bir qancha yaxshi ishlar amalga oshirildi. Masalan, korrupsiya to‘g‘risidagi qonunchiligimizda “teshiklar” ko‘p edi. Hozir xo‘jalik va o‘rta qatlamda korrupsiyaga qarshi bosqichma-bosqich kurashib borilmoqda. 2011-yillarda olgan oyligimizni naqd pul qilish uchun 30 foizini berar edik. Bu hozir ertakdek eshitilishi mumkin. O‘sha vaqtda “dollarga hech narsa olish mumkin emas”, deyilardi-yu, ammo hamma narsaning narxi dollarda hisoblanardi.
Oliy ta’limni korrupsiya kirmagan teshigi qolmagan edi. Ayniqsa, qabul qilishda! Bu tizim edi, bunga qarshi kurashib bo‘lmasdi. Siz pulsiz o‘qishga kirishga ishonmas edingiz. Bugun oliy ta’limga qabul qilishda korrupsiya yo‘q qilindi. Shu orqali davlatga bo‘lgan ishonch qaytarildi.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Birinchi ma’muriyat davrida maishiy korrupsiya kuchli ildiz otgan edi. Hozir bo‘lsa, elitar korrupsiya kuchayib bormoqda. Lekin ma’muriy korrupsiyaga qarshi kurash uchun ma’lum bir chora-tadbirlar ko‘rildi.
Obidjon Latipov, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining sobiq xodimi:
— Siyosiy yoki elitar korrupsiya har doim bo‘lgan, hatto rivojlangan davlatlarda ham bor. Transparency International xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash tashkiloti har doim reyting yuritadi. Mana shu reytingdagi eng yuqori mamlakatlarda ham siyosiy korrupsiya mavjud. Lekin eng og‘riqli korrupsiya turi – bu maishiy korrupsiya hisoblanadi. Ko‘pchilik maishiy korrupsiyani jiddiy qabul qilmaydi. Ammo maishiy korrupsiya jamiyatda urchib ketsa, uning jamiyatga beradigan bosimi siyosiy korrupsiyadan yuqori bo‘ladi.
Sovet Ittifoqi davrida maishiy korrupsiya nisbatan kam bo‘lgan. Lekin mustaqillik yillari jamiyatdagi ijtimoiy muammolar ko‘tarildi. Davlat xizmatchilarining maoshi o‘ta abgor ahvolda ekani, qonunchilikdagi bo‘shliqlar va davlat kuchli bo‘lmagani natijasida maishiy korrupsiya ildiz otdi.
Qanday omillar korrupsiyaning oldini oladi yoki unga sabab bo‘lishi mumkin?
Hamid Sodiq, jamiyatshunos va siyosatshunos:
— Qachonki davlatda byurokratiya keng va murakkab bo‘ladigan bo‘lsa, jamiyat tabiiy ravishda korrupsiyaga harakat qiladi. Korrupsiyani cheklash uchun ma’lum bir siyosiy institutlar yaxshi ishlashi kerak. Bu sud organi! Agar Oliy Majlis va parlamentga ishonch bo‘lmasa, xalq qonunlarga ham ishonmaydi. Xalq nima uchun qonunlarni o‘qimaydi? Chunki qonunlar amalda ishlamaydi. Qonunlar o‘z vazifasini bajarmaganidan keyin uning o‘rnini korrupsiya egallaydi.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Bizda korrupsiyani shakllanishiga zamin yaratadigan bir nechta omillari mavjud. Birinchisi — urug‘-aymoqchilik. Masalan, rahbarning qarindoshlari atrofida yig‘ilsa, korrupsiyaga yo‘l qo‘yish va bir-birini himoya qilish shu darajada kuchli bo‘ladi. Bunda jamiyatning korrupsiyaga qanchalik toqatsiz bo‘lishi ham muhim. Bugun bizni jamiyat korrupsiyaga toqatsiz deb aytish qiyin. Chunki biz mansabdor shaxslarga yaqinroq bo‘lishni istaymiz, u bilan ish bitirishni xohlaymiz.
Obidjon Latipov, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining sobiq xodimi:
— Biz bugun nima oq, nima qora ekanligini farzandlarimizga o‘rtaga olyapmizmi? Masalan tanish-bilishchilik yomon odat ekanligini qadrlaydigan odamlarimiz necha foizni tashkil qiladi deb o‘ylaysiz? Aksincha, biz tanish-bilishchilik juda yaxshi narsa, mehr-oqibat deb talqin qilamiz. Agar bir tanishimiz yuqori mansabga o‘tirib qolsa, “endi sening davringda biz bunday qilamiz”, deydiganlar qancha!? Agar siz mansabdor bo‘la turib tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymasangiz, sizga nisbatan odamgarchilikdan ayrildi deya malomatlar qilishadi.
Suhbatning to‘liq variantini “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)