Yaman husiylari 27-aprel kuni Qizil dengizda yirik neft tankeriga hujum uyushtirgan. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, husiylar Buyuk Britaniyaga qarashli yirik neft tankeriga hujum qilgan va MQ-9 Reaper harbiy dronini urib tushirgan. Guruh rasmiylari Isroilning G‘azodagi urushiga javoban hujumlarini ko‘paytirishini bildirgan.
Husiylarni birlashtirgan “Ansor Alloh” harakati harbiy voizi Yahyo Sari bugun, shanba kuni ertalab eʼlon qilgan bayonotida Britaniyaning Andromeda Star neft tankeri Qizil dengizda raketalar bilan nishonga olingani aytilgan. AQSH harbiylari ham husiylar Qizil dengizdagi bir nechta nishonlarga raketa uchirganini tasdiqlagan.
Reuters manbasiga ko‘ra, Andromeda Star kemasi Seyshel orollarida ro‘yxatdan o‘tgan. Qizil dengiz bo‘ylab oldin ham bir necha bor harakatlangan.
Husiylar harbiy voizi, shuningdek, Yamandagi havo mudofaa kuchlari AQSH harbiylarining MQ-9 Reaper hujumchi uchuvchisiz samolyotini “dushmanlik missiyalarini bajarayotgan paytda” Saada gubernatorligi havo hududida raketa bilan urib tushirganini maʼlum qilgan. AQSH harbiylari dron haqida izoh bermagan, biroq CBS News telekanali Yamanda 30 million dollar turadigan MQ-9 “halokatga uchraganini” tasdiqlab, tergov davom etayotganini aytgan.
Husiylar Adan ko‘rfazida Isroilning MSC Darwin kemasi nishonga olinganini ham xabar berib, Isroil janubidagi Eylat port shahridagi nishonlarga bir qator raketalar va dronlar hujumi tashkil etilganini bildirgan.
Izoh (0)