Forbes jurnalining rus tahririyati jurnalisti Ukrainaning Bucha shahrida ruslar tomonidan sodir etilgan qirg‘in haqida maʼlumot tarqatgani uchun hibsga olindi. Bu haqda The Moscow Times nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, jurnalistning ijtimoiy tarmoqlardagi repostlari hibsga olish uchun asos sifatida keltirilgan. Bu haqda uning advokati 26-aprel kuni xabar bergan.
Huquqni himoya qilish tashkilotlarining bildirishicha, yuzlab rossiyaliklar qattiq harbiy senzura qonunlari ostida Rossiyaning Ukrainaga hujumini tanqid qilgani uchun hibsga olingan. Ularning bir qanchasi jarimaga tortilgan, boshqalari ozodlikdan mahrum qilingan.
Moskva Ukrainadagi qirg‘in haqidagi ayblovlarni rad etgan. O‘ldirilgan tinch aholi va qiynoqlar dalillarini “G‘arbning spektakli” deb atagan.
“Sergey Mingazov qo‘lga olindi va Uzoq Sharqdagi Xabarovsk shahrida vaqtinchalik hibsxonada saqlanmoqda”, — degan hibsdagi jurnalistning advokati Konstantin Bubon.
Xabarda aytilishicha, u yolg‘on maʼlumot tarqatishda ayblanib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Uning 430 ga yaqin obunachisi bor bo‘lgan Telegram kanalida 2022-yil aprel oyidan boshlab rus qo‘shinlari Buchada tinch aholini o‘ldirgani haqidagi bir qancha repostlar mavjud. Tekshiruv idoralari bu kanalda joylangan har bir xabarni tergov elementi sifatida qayd etgan.
So‘nggi ikki yil ichida ko‘plab xorijiy va rossiyalik muxbirlar qamoqqa tushishdan qo‘rqib, mamlakatni tark etishgan. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti 2023-yilda Rossiya 34 jurnalistni hibsga olganini maʼlum qilgan. Ular orasida Wall Street Journal muxbiri, AQSH fuqarosi Evan Gershkovich va AQSH-Rossiya fuqarosi Alsu Kurmasheva ham bor edi. Ular hozirda Rossiya tergov hibsxonalarida ekanligi aytilgan.
Izoh (0)