Bolalar ombudsmani ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan qizga tegajog‘lik qilib, holatni videoga olgan yigit voqeasi bo‘yicha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 24-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro O.Y.dan murojaat kelib tushgan. Murojaatda Chiroqchi tumanida yashovchi voyaga yetmagan qiz B.B. (2006-yilda tug‘ilgan) ga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilinib, bu videoga olingani va tasvirni tarqatish bilan tahdid qilinayotgani bildirilgan.
Aniqlanishicha, 2023-yil iyul oyida B.B.ga Sh.X. tomonidan jinsiy tegajog‘lik qilinib, bu holat boshqa shaxs — J.M. tomonidan telefon orqali videotasvirga olingan. Keyinchalik J.M. videotasvirni tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, qizdan tovlamachilik yo‘li bilan pul olgan, ammo shundan keyin ham videotasvirni tarqatish bilan tahdidni davom ettirib, tovlamachilik qilib kelgan.
Mazkur holat bo‘yicha B.B. 30-mart kuniga kelibgina tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiyot, kriminalistika va biologiya ekspertizalari tayinlangan. 8-aprel kuni Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 118-moddasi 1-qismi (Nomusga tegish) va 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Jizzaxda maktab o‘quvchisini zo‘rlagan shaxs jinoyati 20 yil o‘tib fosh bo‘lgani, Toshkent viloyatida 14 yoshli qizning nomusiga tegganlikda gumonlanayotgan shaxs qamoqqa olingani ma’lum qilingani hamda Sirdaryodagi maktab hojatxonasida 8 yoshli qizga nisbatan axloqsiz harakatlarni amalga oshirgan erkak 10 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)