NATO rahbari Yens Stoltenberg 29-aprel kuni Ukraina poytaxt Kiyevga tashrif buyurib, mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazgan. Bu haqda “Ukrinform” nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, Stoltenberg va Zelenskiy Kiyevda Ukraina uchun 100 milliard yevrolik jamg‘arma tashkil etish masalasini muhokama qilgan. NATO rahbari Ukraina mudofaasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda davom etishini maʼlum qilgan.
“Bugun biz Yensning besh yil muddatga Ukraina mudofaasini 100 milliard yevro miqdorida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus jamg‘arma yaratish tashabbusini muhokama qildik”, — degan prezident Zelenskiy uchrashuvdagi nutqida.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, NATO ittifoqchilarida haqiqatda bunday tashabbusni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Ukraina esa vaziyat taqozosiga ko‘ra, bu yordamdan foydalanishga to‘la haqli.
Zelenskiyning qayd etishicha, bunday fondni tashkil etish tafsilotlari haqiqatan ham Ukraina tomoni uchun muhim.
“Muhimi, bu xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvlarimizda belgilangan ikki tomonlama hajmlar evaziga emas”, — dedi prezident.
29-aprel kuni NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Kiyevga eʼlon qilinmagan tashrif bilan keldi.
Izoh (0)