AQSHning Kaliforniya shtatida yashovchi 42 yoshli xitoylik Shengxua Ven Shimoliy Koreyaga qurol va o‘q-dorilar yuborgani uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ven 2025-yil iyun oyida “xalqaro iqtisodiy favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi qonunni buzish bo‘yicha til biriktirish” va “xorijiy davlat agenti sifatida noqonuniy faoliyat yuritish” jinoyatlarida aybdor deb topilgan. Erkak ushbu qurollar Janubiy Koreyada kutilmagan hujumlarda ishlatish uchun mo‘ljallanganini tan olgan. AQSH prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, erkak 2012-yilda Xitoydan talabalar vizasi bilan kelgan, biroq belgilangan muddat tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketgan.
Surishtiruvda Ven AQSHga kelishidan oldin Xitoydagi Shimoliy Koreya elchixonasida Pxenyan rasmiylari bilan uchrashgani, ulardan hukumat uchun mahsulotlar topish bo‘yicha ko‘rsatma olgani aniqlangan. U, shuningdek, KXDR askarlarini yashirin hujumlarda niqoblash uchun harbiy kiyim sotib olishga uringan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda Shimoliy Koreya amaldorlari unga messenjer orqali aloqaga chiqib, qurol sotib olishni buyurgan. U 2023-yilda Long Bich (Kaliforniya) portidan Gongkong orqali Shimoliy Koreyaga ikki konteyner qurol va boshqa buyumlarni yuborgan. Ven bu ish uchun taxminan 2 million dollar olganiga ham iqror bo‘lgan.

U o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun 2023-yilda Super Armory nomli qurol savdosi litsenziyasiga ega kompaniyani 150 ming dollarga sotib olib, uni sherigi nomiga Texasda ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ven qurollarni boshqa shaxslar nomidan xarid qilib, keyin Kaliforniyaga olib kelgan va yuklarni muzlatgich yoki kamera qismlari sifatida ko‘rsatgan.
FQB 2024-yil sentyabr oyida Venning Los Anjeles yaqinidagi uyidan 50 ming dona o‘q-dori, shuningdek, kimyoviy xavf aniqlash moslamasi va radioaloqa uskunalarini topgan. Ven bu jihozlarni ham Shimoliy Koreya hukumatiga yuborishni rejalashtirganini tan olgan.
BMT rezolyutsiyalariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaga qurol olib kirish yoki tashqariga chiqarish qat’iyan taqiqlanadi. Shu bilan birga, Pxenyan so‘nggi yillarda Janubiy Koreya chegarasiga yadroviy qurol tashiy oladigan raketa tizimlarini joylashtirib, xalqaro hamjamiyatni xavotirga solmoqda.
Izoh (0)