20-avgust kuni Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi kanal, chat va videoqo‘ng‘iroqlarga ega milliy ilova Aitu ishga tushirilgach ham xorijiy messenjerlardan foydalanishga taqiq joriy etilmasligini ma’lum qildi.
“WhatsApp, Telegram va boshqa xorijiy messenjerlardan foydalanishga taqiq qo‘yilishi haqidagi tarqatilayotgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi vazirlik saytida e’lon qilingan bayonotda.
Vazirlikning tushuntirishicha, Aitu faqat davlat organlari va davlat ishtirokidagi muassasalarning xizmat aloqalari uchun joriy etiladi. Xodimlarga faqat xizmat uchun mo‘ljallangan ma’lumotlarni xavfsiz almashish imkoniyati zarur.

“Aitu davlatning raqamli platformalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun asosiy vositaga aylanadi. Uning afzalligi shundaki, barcha serverlar Qozog‘iston hududida joylashgan. Bu esa ma’lumotlarni himoya qilish talablariga javob beradi va tizimni davlat organlari uchun yanada ishonchli qiladi”, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “mahalliy messenjer” ishga tushirilishini 11-avgust kuni sun’iy intellektni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda e’lon qilgan edi.
“Hukumat shaxsiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan barcha kommunikatsiyalarni himoyalangan milliy messenjerga o‘tkazish masalasini ishlab chiqishi kerak”, degan edi davlat rahbari.
18-avgust kuni Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov barcha davlat organlari xodimlarini Aituga o‘tkazishni topshirdi. Qayd etilishicha, messenjerning sinov tariqasidagi ishlatish bosqichi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligida o‘tkazilgan.
Izoh (0)