Qonunchilik palatasi Matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, O‘zLiDeP hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining bugun bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishida “Taraqqiyot bloki”ni tuzish masalasi muhokama qilingan va ikki tomonlama bitim imzolangan.
Parlamentda eng ko‘p — 64 deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan O‘zLiDeP hamda Milliy tiklanish fraksiyasining 29 nafar aʼzosini birlashtirgan “Taraqqiyot bloki” endi parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etadi va yetakchi siyosiy kuchga aylanadi.
O‘zLiDeP partiyasi yetakchisi Aktam Xaitov 3-may kuni eʼlon qilingan intervyusida bugungi kunda parlamentda fraksiyalar o‘rtasida raqobat ancha kuchaygani, har bir fraksiya o‘z elektorati manfaatini ilgari surishga harakat qilayotgani, shuningdek, har bir g‘oya uchun keskin kurashlar va bahs-munozaralar ketayotganini aytib o‘tgandi. Shuningdek, u o‘z so‘zida bu jarayonda partiyaning eng ko‘p deputatlik o‘rni barcha masalada tashabbuslarning o‘tishini kafolatlamasligini taʼkidlab, parlamentda ko‘pchilik blokini tuzish ustida ishlayotganini maʼlum qilgan edi.
Bayonotda aytilishicha partiyalarning parlamentda yagona kuch sifatida birlashishiga dasturiy maqsadlar, siyosiy mafkura va yo‘nalishlar mushtarakligi va g‘oyaviy uyg‘unligi, shuningdek ko‘p yillik faoliyat davomida to‘plangan amaliy tajriba asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ikkala partiya dasturiy qarashlar, maqsad va vazifalar jihatidan o‘zaro yaqindir. Siyosiy maydonda har ikki partiya g‘oyaviy jihatdan o‘ng qanotda joylashgan bo‘lib, O‘zLiDeP o‘ng-markaz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi esa o‘ng partiya hisoblanadi.
Endi o‘ng g‘oyalarga tayangan — tadbirkorlik va iqtisodiy islohotlarni ustuvor qo‘yadigan O‘zLiDePchilar va milliy qadriyatlarni ilgari suradigan “Milliy tiklanish”chilarni o‘zaro birlashtirgan — “Taraqqiyot blogi” mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish, milliy manfaatlarni ro‘yobga chiqarish va yurt taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilish jarayonlarida yagona kuch sifatida ishtirok etadi.
Bu ikki yetakchi partiyalar o‘rtasidagi hamkorlikka oldin ham guvoh bo‘lganmiz. O‘tgan ikki yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan muhim siyosiy islohotlar va jarayonlardagi hamkorlik bunga misol bo‘la oladi.
Fraksiyalarning qo‘shma yig‘ilishida “Taraqqiyot bloki” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qisqa davrda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, taʼlim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish, ochiqlik siyosatini yuritish, mamlakat iqtisodiyoti va xalqaro nufuzini oshirish sohalarida tarixiy islohotlar amalga oshirilganligini eʼtirof etgan holda bu boradagi ishlarni izchil va qatʼiy davom ettirishi, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, uni amalga oshirishga qaratilgan hukumat dasturini to‘la qo‘llab-quvvatlashini hamda hayotga tatbiq etilishini taʼminlashda bor imkoniyatlarini safarbar etishi qayd etildi.
“Taraqqiyot bloki”ning ustuvor faoliyat yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
– milliy iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va eksport salohiyatini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish;
– har bir fuqaroning xususiy mulk huquqi daxlsizligini taʼminlash, fuqarolarning iqtisodiy faoliyat erkinligini rag‘batlantirish orqali aholi turmush darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
– so‘z erkinligiga qarshi har qanday urinishlarga qarshi turish va mustaqil nodavlat matbuot tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda erkinlik va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish;
– taʼlim sifatini oshirish va inson salohiyatini rivojlantirish, nodavlat taʼlim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;
– sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish;
– soliq maʼmurchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining o‘zgarmasligini taʼminlovchi siyosat yuritish;
– davlat byudjeti xarajatlarini qisqartirish, raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;
– fuqarolarga shaxsiy tanlov imkonini beruvchi xususiy jamg‘arma pensiya tizimini yaratish, raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan zamonaviy, shaffof pensiya tizimiga o‘tish;
– mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatlash.
Oxirgi voqealar parlament faoliyatida keskin burilish, yanada aniq aytadigan bo‘lsak “transformatsiya” bo‘layotganidan darak bermoqda. O‘ylaymizki, mazkur tashabbus ham milliy manfaatlarga xizmat qilib, mamlakatni yanada rivojlangan, qudratli, adolatli va zamonaviy davlatga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
Izoh (0)