Salkam bir oy davomida Yoshlar ishlari agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “O‘zmilliybank” AJ hamkorligida “Talabalar festivali” bo‘lib o‘tdi.
Festival yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy, intellektual va jamoaviy faolligini rag‘batlantirish, madaniy va ilmiy almashinuvni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va innovatsiyalarni ommalashtirish, shuningdek, yoshlarda liderlik hamda tashabbuskorlik qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida o‘tkazildi.
Festival doirasida bir qator yirik loyiha va tanlovlar tashkil etildi. Masalan, “Talabalar festivali”da respublika bo‘yicha jami 1,5 mln nafar maktab bitiruvchilari, abituriyentlar hamda talabalar qamrab olindi.
“Kontent72” ijtimoiy videoroliklar tanlovi, “Jismoniy tayyorgarlik sinovlari”, “Qalqon” jamoatchilik guruhi o‘quv yig‘ini, barcha hududlarda va respublika miqyosida “Talabalar teatr studiyalari” tanlovlari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, “Quvnoqlar va zukkolar” festivallari o‘tkazilib, ularda jami 600 ming nafar talaba yoshlar qatnashdi.
Shuningdek, talabalar uchun “BMT modeli” loyihasi, “Ibrat” debat turniri, “Yurtim qadriyatlari” tanlovi, talaba va magistrantlarning ilmiy-amaliy konferensiyasida 100 mingdan ortiq, jami 700 mingdan ortiq talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.
Festival doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, “O‘zmilliybank” AJ, AT “Aloqabank”, Savdo sanoat palatasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida 21-23-may kunlari “Talaba Expo – 2025” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada “Talaba – kelajak” mavzusida davlat organlari rahbarlari va nufuzli mehmonlar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda talabalar mavjud ish o‘rinlari, kredit dasturlari va o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish imkoniyatlari bilan tanishtirildi.
Bundan tashqari, 3 kun kun davomida 700 ta xususiy kompaniyalar va davlat idoralarining bo‘sh ish o‘rinlari va zamonaviy kasblar ko‘rgazmasi, biznes loyihalar portfellari bo‘yicha mahorat darslari, “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida muvaffaqiyatli bitiruvchilar bilan muloqotlar o‘tkazildi. Buning natijasida 53 ming nafarga yaqin bitiruvchi yoshlar qamrab olindi, shuningdek, 4967 nafar talaba bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirildi, 924 nafar talabaning biznes loyihalari ko‘rib chiqilib, kredit ajratiladigan bo‘ldi.
“Abituriyentlar kuni” doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika va Inha universitetlari, Toshkent davlat tibbiyot universitetlarining taniqli bitiruvchilari va ularning muvaffaqiyatlari yuzasidan rektorlarning taqdimotlari o‘tkazilib, 3000 abituriyent qamrab olindi.
Qolaversa, “Talabalar kuni” doirasida 50 nafar iqtidorli startapchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “TalabaStartUp Pitch” tanlovi, 150 nafar iqtidorli yoshlar ishtirokida “TalabaTalant” kreativ shousi, 400 nafar faol talaba yoshlar ishtirokida motivatsion uchrashuv o‘tkazildi.
“Talabalar festivali”ning yakunida Toshkent shahrida 20 ming nafar, barcha hududlarda 600 ming nafar maktab bitiruvchilari, abituriyentlar hamda talabalar ishtirokida gala-konsert dasturlari tashkil etildi.
Izoh (0)