Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda turizmning jadal rivojlanishi uchun eng katta to‘siq bu — transport ekanini aytdi.

Prezidentning qayd etilishicha, mahalliy reyslarning 95 foizi “Havo yo‘llari” va Silk Avia aviakompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Qolgan 14 ta reysni 4 ta mahalliy aviakompaniya amalga oshiryapti. Sababi, ichki reyslar jozibador emasligi uchun xususiy kompaniyalar asosan xorijga qatnayapti. Ichki bozorda raqobat bo‘lmagani uchun, Toshkent—Urganch yo‘nalishida bir hafta oldin chipta qolmaydi, narxi qimmat.
“Bu holatda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyohlar ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi”, dedi prezident.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga xususiy kompaniyalarni jalb qilib, Toshkentdan Urganchga qatnovlarni ikki karra oshirish topshirildi.
Barcha rezident kompaniyalarga ichki reyslarni subsidiyalash bo‘yicha qaror ishlab chiqib, kiritish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, dam olish kunlari poyezdlar tarkibiga qo‘shimcha vagon ulab, yo‘lovchi tashishni 1,5 barobarga ko‘paytirish topshirildi.
Yig‘ilishda aytilishicha, Urganchga Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan aviaqatnovlar qo‘yilgani natija berdi. Lekin, reys yo‘qligi uchun Germaniya, Xitoy, arab davlatlaridan minglab turist yo‘qotilyapti. Mutasaddilarga Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys qo‘yish taklifini kiritish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Urganch aeroporti Koreyaning Inchxon aeroportiga xususiy sheriklikka berilmoqda. Ushbu aeroport milliy me’morchilik an’analariga mos holda rekonstruksiya qilinadi. Mas’ullarga ishlar boshlanishini kutib o‘tirmasdan, Koreya aviakompaniyalarini jalb qilish, samolyot va aeroportdagi servis xodimlarini malaka oshirish uchun Koreyaga yuborishni boshlash, yangi o‘quv yilidan Xorazmdagi transport va servis texnikumlarida Koreya tajribasi asosida kadr tayyorlashni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Izoh (0)