AQSH dollari indeksi so‘nggi uch yildagi eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi. AQSH prezidenti Donald Trampning Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauellga tahdidi bunga ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda CNBC xabar berdi.

Tramp 21-aprel kuni Federal zaxira raisini “Juda kechikkan janob” va “katta muvaffaqiyatsiz shaxs” deb atab, Pauellni tanqid qildi. AQSH prezidenti hoziroq foiz stavkalarini pasaytirishga chaqirdi.
Ko‘pchilik stavkalarni oldindan pasaytirishni talab qilmoqda, dedi Tramp. U energiya va ko‘plab mahsulotlar narxi sezilarli darajada pasayganini ta’kidladi.
Trampning fikricha, AQSHda inflyatsiya deyarli bo‘lmasligi mumkin, ammo Pauell hozir stavkalarni pasaytirmasa, iqtisodiyot sekinlashishi kuzatiladi. Prezident Yevropa Markaziy banki allaqachon foiz stavkalarini yetti marta pasaytirganini ta’kidladi.
21-aprel kuni dollarning DXY indeksi 97,92 punktgacha tushdi. Bu 2022-yil mart oyidan buyon eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. DXY — AQSH dollarining boshqa asosiy valyutalarga nisbatan qiymatini o‘lchovchi indeks. U dollarning oltita valyutaga (yevro, iyena, funt sterling, Kanada dollari, krona, frank) nisbatan qiymatini ko‘rsatadi.
Tramp o‘tgan hafta AQSH Federal zaxira tizimi rahbari Jerom Pauell “anchadan beri” asosiy stavkani pasaytirishi kerakligini aytgandi. U Pauellni iste’foga chiqishga chaqirgan.
AQSH prezidenti va Federal zaxira tizimi o‘rtasidagi keskin munosabatlar fonida, xorijiy investorlar AQSH aktivlaridan voz kechayotgani sababli dollarning asosiy valyutalarga nisbatan kursi pasayib ketdi, deb yozadi CNBC.
Bozordagi beqarorlik tufayli investorlar 21-aprel kuni tarixda birinchi marta bir unsiya uchun 3400 dollardan oshgan oltin kabi boshpana aktivlariga e’tibor qaratdi.
Biz bozordan aniq signalni ko‘rmoqdamiz, unga hatto prezident Federal zaxira raisi lavozimini o‘zgartirishga urinishi mumkinligi haqidagi fikr ham yoqmayapti. So‘nggi haftalarda AQSH iqtisodiy siyosatiga nisbatan ishonchning biroz yo‘qolishi kuzatilmoqda. Buni biz Amerika uzoq muddatli obligatsiyalari daromadliligining o‘sishi va dollar kursining pasayishi kabi g‘alati uyg‘unlikda ko‘rmoqdamiz. Bu global investorlar AQSHdan kapital olib chiqib ketayotganini ko‘rsatadi, dedi Evercore ISI investitsion bank kompaniyasi vitse-raisi Krishna Guxa.
Trampning bojlarni oshirish haqidagi bayonotlariga e’tibor qaratmagan investorlar xato yo‘l tutgan. Xuddi shunday, Trampning boshqa masalalar bo‘yicha so‘zlari va harakatlarini e’tiborsiz qoldirish ham xato bo‘ladi, deb hisoblaydi Piper Sandler banki mutaxassisi Endi Laperrier.
Izoh (0)