Temur Rahmonov O‘zbekistonning Estoniyadagi (qarorgohi Riga shahrida joylashgan) elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, u 16-aprel kuni ushbu davlat prezidenti Alar Karisga ishonch yorliqlarini topshirdi. Rasmiy tadbirdan so‘ng o‘tkazilgan muloqot chog‘ida Estoniya prezidenti O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar rivojlanib borayotganini yuksak baholadi va ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Shuningdek, Estoniya yetakchisi O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi davlatga aylanganini alohida ta’kidladi. Xususan, u O‘zbekiston yetakchisining mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, jumladan, ko‘p yillar davomida mojarolarga sabab bo‘lib kelgan chegara masalalarini ijobiy hal etishdagi katta hissasini alohida urg‘uladi.
Timur Rahmonov 2024-yil 13-mart kuni O‘zbekiston elchisi sifatida Riga shahriga borgan edi. Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin u 2021—2024-yillarda O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli bo‘lib ishlagan.
Timur Rahmonov 2024-yil 17-iyun kuni O‘zbekiston elchisi sifatida Latviya prezidenti Edgars Rinkevichsga, 2025-yil 11-fevral kuni Litvadagi elchi sifatida ushbu davlat prezidenti Gitanas Nausedaga, 1-aprel kuni esa Finlyandiyadagi elchi sifatida mazkur mamlakat prezidenti Aleksandr Stubbga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
Izoh (0)