O‘zbekistonning Latviyadagi yangi elchisi Timur Rahmonov mamlakat prezidenti Edgars Rinkevichsga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, rasmiy marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
Latviya prezidenti Riga va Toshkent o‘rtasidagi siyosiy muloqot hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik holatini yuqori baholagan. U 2023-yil oxiriga kelib O‘zbekiston Latviyaning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan biriga aylanganini taʼkidlagan.
Timur Rahmonov 13-mart kuni Latviya poytaxtiga O‘zbekistonning yangi elchisi sifatida yetib kelgandi. U mamlakatning Latviyadagi diplomatik missiyasi rahbari (2019–2024) hamda Litva (2021–2024), Estoniya (2020–2024) va Finlyandiyadagi (2020-2024) o‘rindoshlik asosidagi elchisi (qarorgohi Riga shahrida) sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan Qadambay Sultonov o‘rniga tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, may o‘rtalarida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi qirol Charlz III ga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
Izoh (0)