Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi yarashuv muddati va ko‘lamini kengaytirishga umid qilmoqda. Vaqtinchalik sulh uzoq muddatli tinchlikka yo‘l ochishi mumkin. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Italiyaga tashrifi chog‘ida jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tgan.

Turkiya rahbari Anqara urush boshidanoq Rossiya va Ukraina o‘rtasida adolatli va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishini yoqlab kelganini eslatdi.
“Biz hech qachon uzoq muddatli tinchlikdan umidimizni uzmadik. Hatto eng shiddatli janglar paytida ham Anqara tomonlarni bir stol atrofiga to‘plab, tinch muloqotni qayta boshlashni taklif etdi”, dedi Erdo‘g‘on.
Shu bilan birga, u bunday davrlarda vaziyat eng zaif va “fitnalar hamda aralashuvlarga ochiq” bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
Jarayonning “zaharlanishiga” yo‘l qo‘ymaslik muhim. Rossiya ham, Ukraina ham tinchlikka samimiy yondashishi kerak. Urush nihoyat tugashi lozim, bu nafaqat mamlakatlarning o‘zlari, balki global xavfsizlik tuzilmasi uchun ham juda muhim, dedi siyosatchi.
Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, urushdan Rossiya va Ukrainaning o‘zi eng ko‘p zarar ko‘rgan.
“Adolatli sulh tuzishda mag‘lub tomonlar bo‘lmaydi. Uzoq muddatli tinchlik istiqbolining muvaffaqiyati uchun tomonlar ishonch muhitini shakllantirish bo‘yicha o‘zaro qadamlar tashlashi kerak, deb o‘ylayman. Turkiya bu masalada qo‘lidan kelgancha hissa qo‘shishda davom etadi”, degan prezident.
Shuningdek, siyosatchi Kiprdagi vaziyatga izoh berib, Anqara Shimoliy Kiprni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidlagan.
“Kipr muammosi faqat orolda ikki suveren davlatni tan olish orqali hal etilishi mumkin. Anqara Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini kuchaytirmoqchi. O‘ylaymanki, turkiy dunyo SKTRdagi birodarlarimiz yonida turishda davom etadi”, dedi Rajab Toyib Erdo‘g‘on.
Uchrashuv davomida Turkiya rahbari Suriyadagi vaziyatga ham to‘xtalib, qo‘shni davlat uchun asosiy tahdid terrorchilik tashkilotlari bo‘lib qolayotganini aytgan. Shu bilan birga, u Suriyani federativ tuzilmaga aylantirish g‘oyasini “xomxayoldan boshqa narsa emas” deb baholagan.
Izoh (0)