Statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning 2025-yil yanvar—mart oylaridagi iqtisodiy holati bo‘yicha maʼlumot berdi.

Tahlil qilinishicha, birinchi chorakda mamlakatda inflyatsiya darajasi 2,1 foiz ko‘tarilgan (2024-yil mos davrida 1,7 foiz oshgan).
Uch oy davomida respublika yalpi ichki mahsulot hajmi 6,8 foiz o‘sdi (o‘tgan yil ilk choragida 6,4 foiz oshgan). Bunda sanoat ishlab chiqarish fizik hajmi 6,5 foizga o‘sgan va bir yil oldingi ko‘rsatkich bilan teng bo‘lgan. Transport sohasi o‘tgan yil mos davridagidan past darajada o‘sdi. Jumladan, yo‘lovchi tashish hajmi 4,3 foiz (2024-yil mos davrida 5 foiz), yuk aylanmasi esa 2 foiz (o‘tgan yil birinchi chorakda 6,2 foiz) oshgan.
Yanvar—mart oylarida mamlakat tashqi savdo aylanmasi hajmi 8,6 foiz o‘sdi (o‘tgan yil mos davrida 7 foiz). Bunda eksport 24,4 foizga, import 12,3 foizga ko‘paygan. Taqqoslash uchun 2024-yil dastlabki choragida eksport 2,3 foiz kamaygan, import esa 3,6 foiz oshgandi.
Qo‘mita hisob-kitoblariga qaraganda, yanvar—mart oylarida O‘zbekiston aholisining real umumiy daromadlari o‘sish surʼati 9,8 foizni tashkil etgan. 2024-yil mos davrida bu ko‘rsatkich 11,2 foiz bo‘lgan.
2025-yil 1-aprelda respublikada faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni (fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz) 442 ming 402 tani tashkil etgan. Bir yil ilgari bu raqam 469 ming 877 ta bo‘lgan.
Joriy yil 1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi soni 37,7 million kishiga yetgan.
Avvalroq O‘zbekistondagi narxlar MDH mamlakatlari orasida eng tez oshayotgani xabar qilingandi. Markaziy bank hisoblashicha, 2024-yilda mamlakat tashqi savdo balansi taqchilligi 17,4 mlrd dollarni tashkil etgan.
Izoh (0)