Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida AQSH kompaniyalarining O‘zbekistondagi biznesini kengaytirish rejalarini muhokama qildi.
![](/static/2024/05/03/photo_2024-05-03_15-48-11--KTLfP5V.jpg)
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda Air Products, CNH Industrial va Silverleaf kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
![](/static/2024/05/03/photo_2024-05-03_14-09-42 (2)-Nqp-15H9.jpg)
![](/static/2024/05/03/photo_2024-05-03_14-09-43-oR2guF6F.jpg)
![](/static/2024/05/03/photo_2024-05-03_14-09-44-n8bVrila.jpg)
O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarida yuqori darajaga erishilgani hamda palata mamlakatlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi barqaror oshmoqda, energetika, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Kerolin Lemm AQSH ishbilarmon doiralari nomidan Shavkat Mirziyoyevga ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligiga shaxsan e’tibor qaratayotgani va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
![](/static/2024/05/03/photo_2024-05-03_14-09-42-w6ddc8NY.jpg)
![](/static/2024/05/03/photo_2024-05-03_14-09-44 (2)-cZr8TUA_.jpg)
Amerika tadbirkorlarining O‘zbekistondagi faoliyatni kengaytirish, moliyaviy instrument va mexanizmlarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribani joriy etish hamda turli tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalari muhokama qilindi.
2024-yilda Toshkentda AQSHning peshqadam kompaniya va banklari ishtirokida biznes forumini o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.