Teatr, kino va dublyaj sanʼati ustasi To‘lqin Tojiyev 88 yoshida vafot etdi.
To‘lqin Tojiyev 1936-yil 13-aprelda Toshkentda tug‘ilgan. 1959-yili A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutining aktyorlik fakultetini tugatib, Hamza nomidagi O‘zbek davlat (hozirgi O‘zbek milliy) akademik drama teatriga ishga kirgan.
O‘zbekiston xalq artisti Jo‘ra Tojiyev xonadonida o‘sib, voyaga yetgan To‘lqin Tojiyev ijodiy faoliyatini juda erta boshlagan. 1947-yildan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi va respublika radiosida ishlay boshladi. Oiladagi ijodiy muhit unda teatr sanʼatiga ilk mehrini uyg‘otgan edi. Aktyor bo‘lib yetishishida otasining xizmati juda katta bo‘ldi. Birinchi ustozi ham Jo‘ra Tojiyev edi. Shuningdek, Sharif Qayumov, Aleksandr Ginzburg, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Shukur Burhonov, Saʼdixon Tabibullayev kabi ustoz sanʼatkorlardan ko‘p narsa o‘rgandi.
U O‘zbek milliy akademik drama teatrida yuzdan ortiq rang-barang obrazlar yaratgan.
To‘lqin Tojiyev “O‘zbekfilm” kinostudiyasida dublyaj qilingan mingdan ortiq xorij filmiga ovoz bergan. “Qilich va qalqon”, “Afonya”, “Ivan Vasilyevich kasbini o‘zgartiradi”, “Sizdan ugina, bizdan bugina”, “Nofelet qayerda?”, “Kanonir Dollasning sarguzashtlari”, “Sadoqat”, “Fillar mening do‘stlarim”, “Ram va Sham”... bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.
Izoh (0)