“Yangiobod” bozori o‘zining shovqin va tartibsiz, ammo nostalgiyaga chorlovchi muhiti bilan mashhur. Antikvar buyumlar sotiladigan bo‘lim esa savdo maskanining o‘ziga xos tashrif qog‘ozi. Odamlar bu yerga bolaligini yodga olish, farzandlariga o‘zlari yashab o‘tgan hayotning bir qismini ko‘rsatish uchun ham ko‘proq kelishadi.
Bo‘limda uzoq yillardan buyon mehnat qilayotgan Abdurashid Madbabayev haqidagi materialimni tayyorlash jarayonida uning shogirdi 11 yoshli havaskor fotograf, iste’dodli Samira bilan ham yaqindan tanishish istagi tug‘ildi. Samira haftaning yakshanba kunlari Abdurashid akaga yordamga keladi. Bu muloyim ovozli, nihoyatda samimiy, ochiqko‘ngil qizaloqning har bir aytgan gapi bolalarcha beg‘uborligi barobarida kattalarga xos o‘ychanlik hamda teranligi bilan meni lol qoldirdi. Va ularning barchasini hech bir qismini o‘zgartirmasdan havola qildim.
Abdurashid Madbabayev, Samiraning ustozi
Samira 5 yoshidan boshlab rasm oladi. Ayniqsa, karantin paytida odamlarning ko‘chadagi harakatlari cheklangan paytlarda biz asosan uyimiz oldidagi manzaralarni kadrlarga tushirardik. Peyzaj, ko‘chada yurgan uy hayvonlari, quyosh chiqishi va botishi kabi manzaralarni olardik. Militsiya xodimlari yurib nazorat qilishganida ham bizning rasm olish jarayonimizga qiziqib qarab o‘tib ketishar edi. Hozir kelayotgan aksariyat xaridorlarim orasida fotograflar bor. Ular Samira haqida eshitib ‘biror foto to‘garakka bering, o‘rgansin’, deyishadi. Lekin mening asosiy vaqtim bozorda, savdoda o‘tayotgani sabab uni alohida olib yurishga imkonim kamroq. Samira portretlarni yaxshi oladi, deb o‘ylayman. Bir kuni ingliz sayyohi kelganida Samira uni rasmga olgan edi. Keyinroq u aynan shu kadrni Instagram profiliga qo‘ydi va ‘bu mening eng yaxshi rasmim’, deb aytdi. Biz uning Garvard universiteti doktoranti ekanligini keyinroq bildik.
“Tasodifiy kadrlarni yaxshi ko‘raman”
Men Hasanova Samira, 11 yoshdaman. Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi 212-umumiy o‘rta-ta’lim maktabida o‘qiyman. Oilada 4 kishimiz. Ota-onam, men va ukam. Ukam hozirda buvim bilan yashaydi, u 8 yoshda.
Fotografiya bilan 5 yoshimdan beri shug‘ullanaman. Qo‘shnimiz, ustozim Abdurashid Madbabayev, bu borada meni qo‘llab-quvvatlab, o‘zlarida bor barcha fotoapparatlarni ishlatishga ruxsat berganlar. 2020-yili karantin boshlanganida ko‘proq ijod qilib, tajriba to‘pladim. Masalan, uydagi gullar, dugonalarim, ko‘chada ko‘rgan hamma narsalarimni suratga oldim. Bu menga keyinroq yanayam yaxshiroq rasmlar olishda qo‘l keldi. Fotografiyda tasodifiy kadrlarni yaxshi ko‘raman. Agar olgan kadrim bittada o‘xshamasa, uni o‘chirib yangidan olaman. Ba’zan 3-4 ta dubl qilishga to‘g‘ri keladi. Odamlar mening rasmga tushirayotganimni sezishmasa zo‘r. Lekin ‘meni suratga olib qo‘y’, deb iltimos qilishsa ham yoqadi. Demak, ular menga ishonadi. Ammo fotoapparatimni boshqalarning qo‘liga bergim kelmaydi. Kameramni hammadan qizg‘onaman, hatto eng yaqin odamlarim so‘rashsa ham, ozroq o‘ylanib keyin berishim mumkin. Menimcha, bu ko‘pchilik fotograflarda kuzatilsa kerak.
“Kelajakda Sony fotoapparatiga ega bo‘lishni orzu qilaman”
Menga rangli kadrlar olish yoqadi. Lekin hali fotolarni tahrirlashni bilmayman. Uydagi kompyuterim eski, unda ishlash qiyin. Bir kun kelib yangi kompyuter olsam, fotolarni tahrirlashni o‘rganib olaman, deb maqsad qilganman. Hozir eski Canon 7D fotoapparatini ishlatyapman, kelajakda zamonaviy Sony fotoapparatiga ega bo‘lishni orzu qilaman.
“Tajriba to‘plash uchun shashka musobaqalarini rasmga olaman”
Tajriba to‘plash uchun “O‘zbekiston nogironlar shashka federatsiyasi”ga ko‘p boraman. U yerda bolalarning shashka musobaqalarini suratga olaman. O‘yin jarayoni, ularning hissiyotlarini kadrga tushirish juda maroqli. Ko‘pchiligi kadrga turib berishadi, rasmga tushishni yoqtirishadi. Ammo ayrimlari rasmga tushishdan qochishadi. Boshqa joylarga qarab yoki yuzlarini yopib olishadi. Shunday vaziyatlarda men ularni tushunaman va kadr olmayman. Suratga olish jarayonim qanday boshlanadi? Odatda men ustozim bilan tadbir joyiga ertaroq boraman. Hali hech kim kelmagan bo‘ladi. Fotoapparatimni hozirlayman, hamma sozlamalarini tekshiraman. Ustozim ‘hozir avtobusda bolalar kelishadi, sen ularning tushib kelish jarayonini ham rasmga olgin, har bir harakatlarni kadrga muhrla’, deb aytadilar. Men tadbirni boshidan oxirigacha uzmasdan suratga olaman. Har bir partiya, tushlik, bolalarning suhbatlarini kadrlarga muhrlayman. Biz taxminan 3-4 soat u yerda vaqt o‘tkazamiz. Aytishim kerakki, bunday tadbirlar menga juda yoqadi.
“Xitoy tilini mustaqil o‘rganyapman”
5 yildan buyon har yakshanba kuni Yangiobod bozorida ustozimga hamrohlik qilaman. Ularning savdolashishlarini kuzataman, sayyohlar bilan suhbatlashaman, turli-tuman odamlarning qiyofalarini suratga olaman, xaridorlar kelmagan payti ular menga har xil fotoapparatlarning ishlashini ko‘rsatadilar, sozlamalarini o‘rganaman. Menga sayyohlar bilan suhbatlarimiz juda yoqadi. Ular bilan ingliz yoki xitoy tilida suhbatlashaman. Xitoy tiliga juda qiziqqanim uchun uyda mustaqil ravishda Youtubedan “Xitoy tili noldan”, degan dasturlarni o‘rganyapman. Shuning uchun ozroq bilaman. Sayyohlar ko‘proq mening hayotim, mashg‘ulotlarim haqida savollar berishadi. Fotograflar ham kelishadi, ularga o‘z-o‘zidan, mening fotografiyadagi ishlarim qiziq.
Samiraning ijodidan namunalar
Tasviriy san’at va pazandachilik
Men uchun rasm chizish – bu hayotimning ajralmas qismi, sevimli xobbilarimdan biri. Asosan odamlarni chizishni yaxshi ko‘raman. Hozircha mustaqil shug‘ullanyapman, hali ko‘p narsalarni o‘rganishim kerak. Ba’zan 20 daqiqa chizsam, boshqa vaqtlar 3-4 soat davomida ijod qilaman. Ayniqsa, dugonalarim bilan birga vaqt o‘tkazsam, ijod qilish ancha maroqli bo‘ladi.Yana taom tayyorlashni yoqtiraman, ayniqsa salatlar. Olivye – mening eng sevimli salatim. Onam bu borada meni qo‘llab-quvvatlaydi va ‘o‘rgan’ deydi. Palov, qozon kabobni sevaman. Yana, barcha shokoladli shirinliklar, shokoladli tort, shokoladli pishiriqlar, shokoladli vaflilar va barcha shokoladlar, konfetlarni yaxshi ko‘raman.
Do‘stlar va sport
Do‘stlarim ko‘p – qo‘shnilarim Dilsora, Go‘zal, Shahrizoda, Durdona va sinfdoshim Muhabbat. Ular bilan quvnoq va samimiy suhbatlar qilamiz, ba’zan quvlashmachoq o‘ynab, arg‘imchoqda uchamiz.Basketbol – mening sevimli sport turlarimdan biri. Avvalroq mashg‘ulotlarga qatnaganman, lekin hozircha sharoitim sabab to‘xtaganman. Tez orada yana boshlayman, deb umid qilaman.
Eng, eng, eng...
Har bir kunim yangi narsalarni o‘rganish va ijod qilishga intilish bilan o‘tadi. Shanba mening eng sevimli hafta kunim, chunki yakshanba kuni ertalabdan maktabga borish shart emas. Eng yomon ko‘rgan kunim dushanba.
Eng sevimli faslim esa yoz. Ta’til, issiq havo, yengil kiyimlar, kechgacha ko‘chada o‘ynash imkoniyati menga zavq bag‘ishlaydi.
Eng katta baxt boshqalarni baxtli qilish imkoniyati. Masalan, kimgadir sovg‘a berdim, u odam xursand bo‘ldi. Men bundan ikki baravar ko‘proq quvonaman, o‘zimning mehribon inson ekanligimdan faxrlanaman.
Eng sevimli jonivorim Musya laqabli itim. O‘zi umuman, mushuk va itlarimiz ko‘p edi. Lekin mening Musyaga muhabbatim bo‘lakcha edi. U bilan sayr qilish, ovqatlantirishni yoqtirardim. Afsuski u hozir biz bilan emas.
Orzular
Uchishni, ko‘rinmas odamcha bo‘lib dunyo kezishni, osmondan turib turli davlatlar, shaharlarni tomosha qilishni orzu qilaman. Agar shunaqa super-qobiliyatim bo‘lganida, juda zo‘r bo‘lar edi. Yoki sehrli tayoqcham bo‘lsa, birinchi navbatda barcha odamlar boy bo‘lishlari va alkogol do‘konlari yopilishini istardim. Menimcha, zararli ichimliklar bo‘lmasa, odamlar sog‘lom va baxtli bo‘lishardi. Odamlarning baxtli bo‘lishini juda istayman.
Maqsadlar
Kelajakda bosh oshpaz va fotograf bo‘lishni maqsad qilyapman. Yoki ikkisini birlashtirib food-bloger bo‘laman. Xitoyga borib, u yerdagi madaniyat va tabiatni suratga olishni xohlayman. O‘zimga esa zamonaviy fotoapparat va yangi kompyuter sotib olaman, chunki professional fotografga kuchli texnikalar zarur. Qisqasi, kelajakda dunyo kezib professional fotograf va food-bloger bo‘lmoqchiman.
Izoh (1)
Shunaqa kichkina qizchani deyarli har bir taraflama qiziqishlari borligi, intilishlari ba fikirlashiga ajablanmasdan ilojisi yoq. Bu qizni korib togrisi ilhomlandim , kelagakda buyuk fotograf bola bolishiga chin qalbdan ishonaman. Madina Nurmanga ham rahmat ozi maqolalarini oqimayman lekin boshidan ozgina oqib qiziqib ketim va qanday qilib oxiriga kelganimi sezmay qoldm.