Bugungi qahramonimiz Dilorom Yo‘ldosheva haqida eshitgandirsiz. U o‘zbek ayollari ichida ilk bor BBCning dunyoni ilhomlantiruvchi va taʼsirga ega 100 nafar ayollari ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu ro‘yxatga Buyuk Britaniya, Amerika qo‘shma shtatlari, Hindiston kabi dunyoning turli nuqtalarida yashovchi hayoti bilan odamlarga o‘rnak bo‘la oladigan eng matonatli ayollar o‘rin olgan. “Daryo” muxbiri Surxondaryoga safar qilib, tillarda doston bo‘lgan oddiy qishloq ayoli Dilorom Yo‘ldosheva bilan suhbatda bo‘ldi.
[video id=“HOzsqccdvYk” type=“youtube”]
1984-yil Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan. 1-guruh nogironi, 3 farzandning onasi. Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, u 40 ga yaqin qiz-ayollarni ish bilan taʼminlab, kichik tikuvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Qahramonimiz shu yilning 13-noyabr kuni Prezidentimiz farmoni ko‘ra, “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi
“Otam baxtsiz hodisa qurboni bo‘lgan”
— Oddiy qishloq oilasida dunyoga kelganman. Otam rahmatli elektromontyor edi. 2002-yili ustundagi nosoz simlarni to‘g‘rilayotganida tok urib vafot etgan.
Maktabda o‘qishdan ko‘ra, hunar o‘rganishga ko‘proq qiziqardim. Tikuvchilik sirlarini o‘rganib, o‘zim va yaqinlarimga ko‘ylaklar tikib berdi. Institutda o‘qishga sharoitimiz bo‘lmadi. 2006-yili katta ro‘zg‘orli oilaga kelin bo‘lib tushdim. Qaynona-qaynotaning xizmati va dala ishlaridan ortib, sevimli hunarim bilan shug‘ullanishga vaqtim bo‘lmadi. Ketma-ket uchta farzandli bo‘ldim. Hammasi risoladagidek edi, ammo kutilmaganda sodir bo‘lgan fojia hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi.
“Soniyada kombayn meni o‘ziga tortib oldi”
— Oilamiz dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Makka, piyoz ekkandim, boshqa payt esa qiz, ayollar bilan qo‘shilib, chopiq ishlariga chiqardik. 2021-yili makka ekkanmiz va uni o‘rish uchun kombayn mashinasini chaqirganmiz. Makka yonidagi yerga ozgina piyoz ham ekkandik. Baxtsiz hodisa ro‘y bergan kuni tandirda nonlarni yopib, piyozlarni o‘tdan tozalash uchun borgandim. Qarasam kombayn ayrim yerlarni o‘rmayapti, “Shunchasi maydalanmayapti, uvol bo‘ladi”, deb ularni o‘roqda olib, kombayn tishlari orasiga solib turgandim. Bolalar qiziqib, kombayn mashinasiga chiqib olishgandi. O‘sha kuni quyoshda qorayib ketmaslik uchun uzun, tugmachali xalat kiyib olgandim. Uning bir uchi kombayn tishini ilashib qoldi va u katta kuch bilan meni o‘ziga tortib oldi. Baqirishga ham ulgurmadim, ko‘zimni ochganimda, men kombayn ustida o‘tirardim, ammo bu holat ham uzoq davom etmadi. Kombayn parragi aylanib meni bir necha metr uzoqlikka uloqtirdi.
Turmush o‘rtog‘im va yaqinlarim yugurib kelib, tez yordam mashinasini ham kutmay, kasalxonaga olib borishdi. Mening bir oyog‘im yo‘q, ikkinchisi esa yaxshigina jarohat olgandi. Bu voqeada mening ham, kombayn haydovchisining ham aybi bo‘ldi. Ikkimiz eʼtiborsizlik qildik.
“Ikkinchi oyoqni ham olib tashlaymiz”
— Gapirolmasdim, ko‘zimni ocholmasdim, ammo bo‘layotgan barcha gap so‘zlarni eshitib turardim. Shifokorlar ikkinchi oyog‘imni saqlab qolish haqida gaplashishdi. Operatsiya bir necha soat davom etdi. O‘zimga kelib asta ko‘zimni ochdim va atrofimdagi ayollar “Hozir ikkinchi oyog‘i ham olib tashlanganini bilsa, janjal qiladi”, deyishayotganini eshitdim. Bildimki, ikkinchi oyog‘imni ham olib tashlashibdi. Keyin bilsam jarohat sabab, ikkinchi oyoq gangrena bo‘lib ketishi mumkin ekan. Janjal qilmadim, chunki bunday foyda yo‘q edi.
Meni ko‘rish uchun butun qishloq ahli keldi, hammaning nazarida men yig‘lab, siqilishim kerak edi. Ammo o‘zimni qo‘lga oldim, shifokorning “Omadi kulgan inson ekansiz, unday kombaynga odamni yutib yuborish hech narsa emasdi. Siz tirik qoldingiz”, degan gapi kuch bag‘ishladi.
“Turmush o‘rtog‘imga uylanishni taklif qildim”
— Qishloq sharoitida yashash osonmas. Qaynonam vafot etgan, katta ovsinim onamizdek boshimizni birlashtirib turardi. U maktabdagi ishini tashlab, o‘zining uy ishlariga qo‘shib, mening ham xizmatimni qildi. Chunki bir yilga yaqin o‘rnimdan turolmadim. Menga ham bir qarovchi kerak edi. Kunduzi bolalarga yaxshi kayfiyatda ko‘rinardim, ammo tunda tushkunlikka tushardim. Turmush o‘rtog‘im bilan yolg‘iz qolganda “Men roziman uylaning, yaxshi ayol bo‘lsa, bolalarga ham qaraydi, xizmatingizni qiladi”, dedim. Ammo turmush o‘rtog‘im unamadi va koyib berardi. “Peshanamga yozgani bo‘ladi, qiyin kunlarni birga yengamiz”, degan daldasi menga katta kuch berdi. Yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashi sabab tezda oyoqqa turdim, yashashga bo‘lgan umidim uyg‘ondi.
“Yarim jon bo‘lsang ham...”
— Uyimizning qurilishi hali bitmagan edi. Topgani ro‘zg‘ordan ortmayotgan turmush o‘rtog‘imga yordam bergim keldi. Menga Paraolimpiada o‘yinlarida ishtirok etish va g‘olib bo‘lsam pul berilishi haqida aytishdi. Ammo bu gap onamga yoqmadi. “Yarim jon bo‘lsang ham bolalaringning yonida bo‘l, ularga keraksan”, dedi. Shundan keyin tikuvchilik bilan shug‘ullanishni boshladim. Ammo tikuv mashinalarim juda eski edi, subsidiya asosida tikuv mashinalarini oldik va eski hunarim bilan shug‘ullanishni boshladim. Yuzim yorug‘ bo‘lib, ro‘zg‘orimizga baraka kirdi. Shu ahvolda ham odamlarga yordamim tegayotgani meni ruhlantirdi.
“Men nogiron emasman”
— Men haqimda hujjatli film suratga olishdi va u BBSga yuborilibdi. Oradan ancha vaqt o‘tib, quvonchli xabarni aytishdi. Meni ko‘rgani juda ko‘p odamlar ko‘rgani keldi. “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandim. Hozir 40 dan ortiq shogirdlarim bor, bitta mashinam bir nechta bo‘ldi. Ro‘zg‘orimga baraka kirdi va ko‘plab ayollarning hunarli bo‘lishiga sababchi bo‘lyapman.
Men nogiron emasman, oyog‘im bo‘lmasa ham qo‘lim bor, aql-hushim joyida. Shunisiga ham ming shukr.
Videoni “Daryo”ning YouTubeʼdagi kanalida to‘liq hodisa tomosha qilishingizni tavsiya qilamiz.
Izoh (0)