Qo‘shma Shtatlarning saylangan prezidenti Donald Tramp yuqori malakali ishchilarga AQShga ko‘chib o‘tish imkonini beruvchi viza dasturini himoya qildi va Ilon Maskning bu boradagi pozitsiyasini ma’qulladi. Bu uning o‘z tarafdorlarini ikkiga bo‘lib qo‘ygan masala yuzasidan ilk izohidir.
Donald Tramp The New York Post gazetasiga bergan intervyusida H-1B vizasiga ishonishini aytdi. Biroq u o‘zining birinchi muddatida dasturni tanqid qilib, chet elliklar uchun ishchi vizalarni cheklagandi. Ammo 2024-yilgi saylov kampaniyasi davomida Tramp chet elda tug‘ilgan ba’zi ishchilarga, agar ular AQSh oliy ta’lim dargohlarini tamomlagan bo‘lsa, qonuniy maqom berishga ochiqligini bildirgan .
“Menga har doim vizalar yoqqan, men har doim vizalar tarafdori bo'lganman. Shuning uchun bizda ular bor”, dedi Tramp The New York Post nashriga.
Donald Tramp, shuningdek, qo‘l ostida mazkur dastur orqali Qo‘shma Shtatlarga kelgan xodimlar mehnat qilishini ham ta‘kidlagan.
“Mening mulkimda ko‘plab H-1B vizalari bor. Men H-1B ga ishonganman. Men undan ko'p marta foydalanganman. Bu ajoyib dastur”, deya qo‘shimcha qildi u.
AQSh Mehnat departamentining ma'lumotlariga ko‘ra, Trampga tegishli biznes subyektlari 2008-yildan beri 2100 dan ortiq o‘ringa chet ellik ishchilarni yollash uchun hukumat ruxsatini so‘ragan. Ularning 70 ga yaqini H-1B dasturi orqali yuqori malakali ishchilarni chaqirib olishga edi. Mazkur viza uchun so'rovlarning aksariyati o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin Nyu Yorkdagi Trump Model Management va Trump International Hotel and Tower kabi kompaniyalar tomonidan taqdim qilingan.
Muammo nimada?
Donald Trampning The New York Post gazetasiga bergan izohidan bir necha kun oldin Ilon Mask ijtimoiy tarmoqlardagi postlari orqali H-1B vizalarini himoya qilib, ularning texnologik kompaniyalar, jumladan, o'z bizneslarini rivojlantirishdagi ahamiyatini ta’kidladi. Bundan tashqari, u H-1B vizalarini himoya qilish uchun “urushga kirishini” aytdi.
“Men SpaceX, Tesla va Amerikani kuchli qilgan yuzlab boshqa kompaniyalarni qurgan juda ko'p muhim insonlar bilan birga Amerikada bo'lishimning sababi – H-1B”, deb yozdi Ilon Mask.
Janubiy Afrikada tug‘ilgan va onasi orqali Kanada fuqaroligini olgan Mask chet ellik talaba sifatida AQShga kelgan va keyinchalik H-1B vizasi bilan fuqarolik olgan.
Ilon Maskning qarorini Tramp ma’muriyatda yangi tashkil etilayotgan Davlat samaradorligi departamentini (DOGE) u bilan birgalikda boshqaradigan Vivek Ramasvami ham qo‘llab-quvvatladi. Bu MAGA (Amerikani yana buyuk qiling) klubinining immigratsiyaga qarshi kayfiyatdagi a‘zolari tomonidan keskin qarshi olindi.
Trampning sobiq yordamchisi Stiv Bannon 29-dekabr kuni podkastlardan birining epizodida H-1B vizalarini “firibgarlik” deb atadi.
H-1B viza dasturi har yili 65 000 yuqori malakali ishchilar uchun AQShga immigratsiya qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlarda magistratura yoxud undan yuqori ta‘lim darajasini olganlar mamlakatda qolishi uchun yana 20 000 o‘rin ajratilgan. Iqtisodchilarning ta'kidlashicha, dastur AQSh kompaniyalariga raqobatbardoshlikni saqlab qolish va o'z biznesini rivojlantirish imkonini beradi.
Izoh (0)