Kuni kecha Rossiya sobiq transport vaziri Roman Starovoyt Odinsovo shahrida o‘lik holda topildi. Aslida, so‘nggi uch yilda Rossiyada sobiq mulozimlarning o‘z joniga qasd qilishi shu darajada ko‘paydiki, bu holat haqiqiy “epidemiya”ga aylandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uch yil ichida yuqori lavozimli rahbarlar orasida o‘ttizga yaqin sirli o‘z joniga qasd qilish yoki maishiy qotillik holatlari qayd etilgan. G‘arb OAVlari bu holatni “Sudden Russian death syndrome”, ya’ni “to‘satdan ro‘y beradigan rus o‘lim sindromi” deb ataydi.
Xo‘sh, sobiq amaldorlar nima uchun o‘z joniga qasd qilmoqda? Bu sirli o‘limlar ortida qandaydir ko‘rinmas kuch bormi? Quyida shu haqida so‘z yuritamiz.
Roman Starovoyt o‘limi
Rossiya transport vazirligidagi manbaning Reuters agentligiga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Roman Starovoyt o‘tirgan vazirlik kursisi bir necha oy oldin qimirlashni boshlagan.
Bunga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi chegara — Kursk viloyatida himoya choralari uchun ajratilgan mablag‘lar bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi sabab bo‘lgan.
53 yoshli Starovoytning aniq o‘lim vaqti noma’lum. Rossiya Tergov qo‘mitasi uning o‘limi holatlarini aniqlash ustida ish olib borayotganini bildirgan.
Huquq-tartibot organlari vakillari bergan ma’lumotga ko‘ra, Starovoytga tegishli to‘pponcha (unga to‘pponcha Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2023-yilda sovg‘a qilingan) uning jasadi yonida, Tesla avtomobili ichidan topilgan. Biroq ba’zi rus OAVlari qurol yaqin atrofdagi butalarda topilganini bildirgan.

Starovoyt 2024-yilning may oyida transport vaziri etib tayinlangunga qadar, u deyarli 5 yil davomida Kursk viloyati gubernatori lavozimida ishlagan.
Transport vaziri bo‘lganidan atigi uch oy o‘tib, Ukraina qo‘shinlari Kursk orqali Rossiyaga kirib kelgan. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri Rossiyaga amalga oshirilgan eng yirik xorijiy hujum bo‘lgan edi.
2025-yilning aprelida Starovoyt o‘rniga gubernator etib tayinlangan Aleksey Smirnov Kursk himoyasi uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirishda ayblandi. Bu mablag‘lar chegarani mustahkamlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularning talon-toroj qilinishi Kursk viloyatini Ukraina hujumlari uchun ochiq va zaif holga keltirgan.
Siyosatshunos Sergey Markov sobiq Rossiya transport vazirining o‘limi bo‘yicha quyidagicha fikr bildirdi:
“Rossiya elitasida sobiq transport vaziri Roman Starovoytning o‘z joniga qasd qilgani shokni keltirib chiqardi. Bu hodisa Putin uni lavozimdan olganidan atigi bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi.
Menimcha, ‘o‘z joniga qasd’ versiyasi orqali aslida uning haqiqiy o‘ldirilganini yashirishmoqda. Ya’ni u qamoqqa olingach, kimlargadir qarshi guvohlik berishi mumkin bo‘lgan shaxslar tomonidan yo‘q qilingan”, degan u.
To‘satdan ro‘y beradigan o‘lim sindromi
The Atlantic nashri birinchi bo‘lib “Sudden Russian Death Syndrome” (tarjima: to‘satdan ro‘y beradigan rus o‘lim sindromi) atamasini tilga olgan manbalardan biri. Ushbu nashr yozgan ayrim maqolalar Ukrainadagi “maxsus operatsiya” boshlangan yili (2022-yil, 22-fevral – tahr.) Rossiyada yuz bergan shubhali o‘limlarga bag‘ishlangan.
Misol uchun, bu maqolada — rossiyalik biznesmenlar, oligarxlar, amaldorlar va jurnalistlarning birin-ketin “sirli” tarzda halok bo‘layotgani geosiyosiy kontekst bilan, ayniqsa, Ukrainadagi urush va Rossiyaga qarshi kiritilgan xalqaro sanksiyalar bilan bog‘liq ekani aytiladi.
The Atlantic’ning yozishicha, 2022-yilda bunday holatlar soni yigirmaga yaqinlashgan. Bu esa ularni statistik jihatdan muhim hodisaga aylantirgan. Mualliflar ayrim o‘limlar rostdan ham tasodifiy bo‘lishi yoki Rossiyada o‘z joniga qasd qilish holatlari va alkogolizm darajasining yuqoriligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tan oladi. Biroq bu voqealarning ommaviy tus olgani – o‘limlar tabiiyligini shubha ostiga qo‘yadi.

“Epidemiya”ning boshlanishi
Statistik raqamlarga yuzlansak, Rossiyada 2022-yilning o‘zida 30 ga yaqin tadbirkor yoki mulozimlarning sirli ravishda vafot etganini ko‘rishimiz mumkin.
Ular orasida “Gazprom Invest” transport xizmati rahbari Leonid Shulman, “Tatnefteximinvest” top-menejeri Dmitriy Teslenko va “Gazprom” hisob-kitob markazi bosh direktori o'rinbosari Aleksandr Tyulyakov, “Medstom” tibbiy kompaniyasi direktori Vasiliy Melnikov, “Gazprombank”ning sobiq vitse-prezidenti Vladislav Avaev, “Novatek” direktorlar kengashi raisining sobiq o‘rinbosari Sergey Protosenya, “Lukoyl” boshqaruv kengashining sobiq a’zosi Aleksandr Subbotin bo‘lgan.
2023-yilda ham 25 dan ortiq davlat korporatsiyalarida muhim lavozimlarda faoliyat yuritgan shaxslar shunday taqdir sohibiga aylangan.
2024-yilda esa 16 ta sirli o‘lim holati aniqlangan bo‘lsa, joriy yilda 3 ta shunday voqea (Roman Starovoyt uchinchisi bo‘ldi – tahr.) sodir bo‘lgan.
Eng qizig‘i, o‘lim holatlari deyarli bir-biriga juda o‘xshash. Misol uchun, derazadan tushib ketish, joniga qasd qilish yoki kutilmagan “baxtsiz hodisa” ssenariysi ko‘p takrorlangan. Xo‘sh, nega?
-iUwzF9o5.avif)
“Mokroye delo” mafiyasi
Ayrim mutaxassislar agar Rossiyada sobiq mulozimlar to‘pponcha bilan o‘z joniga qasd qilsa, bu ular uchun berilgan o‘ziga xos imkoniyat (xuddi samuraylar kabi “hara-kiri” qilish) ekanligini ta’kidlaydi.
Jumladan, Hermitage Capital bosh direktori Bill Brovder Rossiyadagi yuqori martabali biznesmenlar va amaldorlarning “sirli o‘lim” holatlarini chuqur tahlil qilgan. U bu o‘limlarning ortida Kreml yoki Putinga oid maxfiy va zo‘ravon “mafiya” siyosati turgan bo‘lishi mumkinligini aytib, shunday yozadi:
“Agar bir xil sohada ishlovchi odamlar bir xil tarzda o‘lib ketsa, bu holat menga qotilliklar epidemiyasi kabi ko‘rinadi. Shaxsiy tajribamga ko‘ra, Vladimir Putin haqiqiy mafiya boshlig‘i. Agar rahbarlar kerakli pulni berishdan bosh tortsa, uni yo‘q qiladi va keyin uning o‘rniga kelgan kishiga xuddi shu talabni qo‘yadi.
Vladimir Putin sanksiyalar tufayli butunlay falajlangan... Faol sanksiyalardan chetda qolgan yagona pul manbai — neft va gaz sanoatidan keladigan daromadlardir. Endi u urushni yuritish uchun ko‘proq mablag‘ga muhtoj”.
Bill Brovderning qo‘shimcha qilishicha, rus tilida “mokroye delo” (ho‘l ish) degan ibora mavjud bo‘lib, bu yashirin qotilliklarni bildiradi. Bu jarayonda shaxslarga “o‘z joniga qasd qilish” buyuriladi, aks holda oila a’zolari xavf ostiga tushishi mumkin.
Ayrim tahlilchilar – masalan, Fiona Hill va Mark Galeotti bu hodisalar orqasida markazlashgan fitna emas, balki ba’zan o‘z joniga qasd, ba’zida esa raqib guruhlar tomonidan qilingan suiqasdlardan iborat mustaqil holatlar bo‘lishi mumkinligini aytadi.
Aytish mumkinki, Roman Starovoyt o‘z joniga qasd qilgan birinchi va oxirgi mulozim emas. Yuqorida ko‘rganimizdek, so‘ngi yillarda Rossiyada mansabdorlar shaxslarning qandaydir “kutilmagan baxtsiz hodisa” tufayli halok bo‘lishi shu darajada ko‘payganki, bu odatiy holdek taassurot qoldiradi kishida. Bu hodisalar ortida berkitilayotgan sirni bilish uchun esa murdalarni gapirtish lozim. Ammo, afsuski, murdalar gapirmaydilar.
Izoh (0)