Madridning “Real” klubi Lissabonning “Benfika” jamoasida to‘p surayotgan ispaniyalik himoyachi Alvaro Karreras transferi yuzasidan og‘zaki kelishuvga erishdi. Bu haqda mashhur insayder Fabritsio Romano ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi “Real Madrid”ga 50 million yevro evaziga o‘tadi. Klub bu summani bir yo‘la emas, balki bir necha bosqichda to‘lab berish sharti bilan kelishuvga erishgan.
Shuningdek, Karrerasning avvalgi klubi — “Manchester Yunayted” futbolchining ma’lum foiz huquqlariga ega bo‘lib, inglizlar qaytarib sotib olish huquqidan voz kechishini rasman tasdiqlagach, futbolchi Madridga yo‘l oladi va transfer rasmiylashtiriladi.
Avvalroq “Real” Karreras bilan shaxsiy shartnoma borasida to‘liq kelishuvga erishgani xabar qilingan edi. Qolaversa, bitim doirasida “Real Madrid”ning yoshlar jamoasida to‘p surayotgan chap qanot himoyachisi Rafael Obrador “Benfika”ga yo‘l olishi rejalashtirilmoqda. Tomonlar bu ikki transferni alohida kelishuvlar sifatida rasmiylashtirishadi.
Alvaro Karreras o‘tgan mavsumda barcha turnirlarda 52 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 4 ta gol va 5 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 35 million yevro deb baholagan.
Ma’lumot uchun, Karreras 2017-yildan 2020-yilgacha “Real”ning yoshlar jamoasida to‘p surgan. Shundan so‘ng u erkin agent sifatida “Manchester Yunayted” safiga qo‘shilgan. Angliya klubi 2024-yilda uni 6 million yevro evaziga “Benfika”ga transfer qilgan edi.
Izoh (0)