Toshkent Markaziy vokzalidan harakatlanib kelayotgan aksariyat poyezdlar 15-iyulidan 15-avgustigacha Toshkent Janubiy vokzalidan qatnovini amalga oshiradi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bu “To‘qimachi” hamda “Toshkent yo‘lovchi” bekatlari oralig‘idagi temiryo‘lda texnik taʼmirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan amalga oshirilmoqda.
Shu bois Olma-ota—Toshkent—Olma-ota, Toshkent—Novosibirsk—Toshkent, Toshkent—Samara—Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari hamda Toshkent—Hojikent—Toshkent shaharlararo poyezdlaridan tashqari bugungi kunda Toshkent Markaziy temiryo‘l vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yo‘lovchi poyezdlar Janubiy vokzaldan o‘z harakatini boshlaydi.
Jumladan, bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari, “Sharq”, “Nasaf” hamda Toshkent—Andijon—Toshkent, Toshkent—Volgograd—Toshkent, Dushanbe—Toshkent—Dushanbe yo‘lovchi poyezdlari Janubiy vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.
Toshkent Markaziy hamda Toshkent Janubiy vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tun-u kun faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, chiptalarni elektron tarzda ham olish mumkin.
Shuningdek, bir oy mobaynida Toshkent Markaziy vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan yoki yanglishib Markaziy vokzalga kelib qolgan yo‘lovchilarni Janubiy vokzalga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar ham qo‘yiladi.
Izoh (0)